7 sentyabr kuni Toshkentda AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan hamkorlikda Tadbirkorlik kodeksi loyihasini taqdim etish va muhokama qilish maqsadida anjuman tashkil qildi. Bu haqda AQSh elchixonasi matbuot xizmati xabar berdi.
“Tadbirkorlik kodeksi – tadbirkor manfaatlari uchun” mavzusidagi anjumanda hukumat vakillari, milliy va xalqaro ekspertlar hamda ishbilarmonlar ishtirok etdi.
USAIDning texnik ko‘magida ishlab chiqilgan yangi kodeks ma’muriy yuklamani kamaytirish va investorlar uchun qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish orqali O‘zbekistondagi tadbirkorlar uchun biznesni boshlash va rivojlantirishni osonlashtiradi.
“Tadbirkorlik kodeksi loyihasini ishlab chiqish bu – ilk qadam. Qo‘yilgan maqsadlarga erishish – kodeksni qabul qilish, uni amaliyotga tatbiq etish hamda xususiy sektorni rivojlantirish yo‘lidigi to‘siqlarni bartaraf etishni talab qiladi”, – dedi AQSh elchisining o‘rinbosari Pol Politis adliya vazirligini ushbu yutuq bilan tabriklab.
Yangi Tadbirkorlik kodeksi amaldagi 100 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat o‘rnini bosib, O‘zbekiston iqtisodiyotini liberallashtirishga xizmat qiladi. Kodeks tadbirkorlik faoliyatiga bo‘lgan haddan ziyod davlat ta’siri va aralashuvini kamaytirish, shu bilan birga, xususiy mulkka bo‘lgan huquqlarni mustahkamlashga qaratilgan.
Anjuman ishtirokchilari xususiy tadbirkorlik sub’ektlari va davlat o‘rtasidagi huquqiy munosabatlar, tadbirkorlik rivojlanishi va sarmoyaga to‘sqinlik qilmay, balki ularga ko‘maklashadigan normativ-huquqiy hujjatlar, xususiy tadbirkorlik sub’ektlarining jahon miqyosida raqobatdosh bo‘lishi uchun ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash yo‘llarini muhokama qildilar. Milliy va xalqaro ekspertlar tadbirkorlik sub’ektlarining ehtiyojlariga yaxshiroq javob berishi, shuningdek, davlat va ishbilarmonlar o‘rtasidagi munosabatni yaxshilash maqsadida kodeks loyihasini takomillashtirish bo‘yicha fikr va mulohazalar bilan o‘rtoqlashdilar.