Ukrainadagi yetakchi siyosiy kuchlar ko‘pga cho‘zilgan muzokara va muhokamalardan keyin, nihoyat, kelishuvga erishdi: prezident Viktor Yushenko rahnamoligidagi «Bizning Ukraina» (Nasha Ukraina), mamlakatning sobiq bosh vaziri rahbarligidagi Yuliya Timoshenko bloki (YuTB) va sotsialistlar partiyasi o‘zaro koalitsiya — ittifoq tashkil etdi. Biroq bu bilan mamlakatda yuzaga kelgan siyosiy inqiroz xotima topdi, deb bo‘lmaydi. Bir qator jiddiy omillar inqirozdan chiqishga hali-hanuz to‘sqinlik qilmoqda…
«Zarg‘aldoq inqilobi»dan so‘ng
2004 yilgi mashhur «zarg‘aldoq inqilobi»dan keyin Ukraina siyosiy sahnasida ko‘p o‘zgarishlar ro‘y berdi. Avvalo, og‘ir va mas’uliyatli damlarda bir-birini qo‘llab-quvvatlagan qadrdonlar — Viktor Yushenko va Yuliya Timoshenko ittifoqi parchalandi. O‘zaro kelishmovchilik va korruptsiya bilan bog‘liq mojarolar tufayli Yushenko o‘zi bosh vazirlikka tayinlagan Timoshenkoni o‘zi ushbu vazifadan ozod qildi (2005 yil sentyabr). «Zarg‘aldoq inqilobi malikasi», «Inqilob ilhomchisi», «Temir xonim» kabi turfa nomlar bilan atalayotgan Timoshenko esa hech ikkilanib o‘tirmay o‘zini amaldagi prezidentga muxolif deb e’lon qildi. Timoshenko iste’fosidan keyin prezident bosh vazirlik kursisini o‘zining eski do‘stlaridan biri Yuriy Yexanurovga ishonib topshirdi.
Inqilob davrida Yushenko nomzodini dastaklagan sotsialistlar partiyasi ham keyinroq mustaqil yo‘l tutishga qaror berdi. Shu tariqa yagona va bo‘linmas «zarg‘aldoq ittifoqi» juda tez fursatda guruhlarga ajrab ketdi. Inqilobning asosiy «jabrlanuvchisi» Viktor Yanukovich esa birinchilardan bo‘lib Yushenko hukumatiga qarshi siyosiy kurash ochdi.
Shu bois ham, joriy yilning 26 martida o‘tgan parlament saylovida mamlakatdagi yetakchi kuchlar bo‘lingan holda ishtirok etdi. Pirovardida, muhimligi jihatidan «zarg‘aldoq inqilobi»dan keyinda turuvchi ushbu siyosiy tadbirda muxolifat yetakchisi Viktor Yanukovichning Mintaqalar partiyasi (Partiya regionov) 32 foiz ovoz (186 deputat) bilan g‘alabaga erishdi. Oliy Radaning qolgan o‘rinlarini Yuliya Timoshenko bloki (22 foiz — 129 deputat), «Bizning Ukraina» (13 foiz — 81) va sotsialistlar partiyasi (5 foiz — 33) bo‘lib oldi.
Saylov yakunlanishi bilan g‘olib partiyalar oldida tez fursatda koalitsiya tashkil etish va yangi hukumatni tuzish vazifasi turardi. Chunki Ukraina qonunchiligiga kiritilgan so‘nggi o‘zgarishlariga ko‘ra, parlament saylovida eng ko‘p ovoz to‘plagan partiyalar o‘zaro koalitsiya tuzishi va ana shu siyosiy ittifoq hukumatni ham shakllantirishi belgilab qo‘yilgan. Shuningdek, yangi qonunchilikka ko‘ra, bosh vazirni endilikda prezident emas, Oliy Rada tasdiqlaydi.
Majburiy kelishuv
«Bizning Ukraina», Yuliya Timoshenko bloki va sotsialistlar partiyasi o‘rtasida tuzilgan koalitsiyani shunday atash mumkin. Uch yetakchi partiya parlament koalitsiyasini tashkil qilish uchun martdan iyunga qadar samarasiz muzokaralar olib bordi va kelishuv uchun berilgan oxirgi muddatga ikki kungina qolganda majburiy ravishda bir bitimga keldi. Aks holda, prezident Yushenko Oliy Radani tarqatib yuborishi va yangi saylov belgilashi mumkin edi. Voqealarning bunday rivoji esa hozirda parlamentda ko‘pchilik ovoz olib turgan inqilobchi partiyalar uchun xayrli bo‘lmasligi mumkin edi.
Koalitsiya tuzish yo‘lidagi muzokaralar bu qadar cho‘zilganining bosh sababi hokimiyat uchun kurashayotgan «Bizning Ukraina», Yuliya Timoshenko bloki va sotsialistlar partiyasi o‘rtasidagi kelishmovchiliklar va o‘zaro yuqori mansablar taqsimotida murosa yo‘lining topilmaganidir. Siyosiy muloqotlar boshi berk ko‘chaga kirib, inqiroz chuqur ildiz otganini «Bizning Ukraina» hatto birinchi raqamli muxolif bo‘lgan Viktor Yanukovich partiyasi bilan ittifoq masalasida muzokara olib borishga majbur bo‘lganidan ham bilish mumkin. Boz ustiga, Ukrainadagi tang siyosiy vaziyat tufayli Amerika prezidenti Jorj Bush Kiyevga tashrifini bekor qildi.
Oliy Radada mutloq ko‘pchilikni tashkil etuvchi 239 kishilik koalitsiyaning tashkil etilgani (aslida qonunga ko‘ra, 226 deputat ovoziga ega bo‘lish ustunlik uchun kifoya qiladi) yaqin kunlarda yangi hukumat ish boshlashini anglatadi. Xo‘sh, bu ittifoq, bu kelishuv siyosiy partiyalarga nima beradi?
Bir-biriga mehribon… raqiblar
Bitimga muvofiq, parlamentda 129 o‘rinni olgan Yuliya Timoshenko bloki hukumatda 10 ta vazirlik kursisiga egalik qiladi. Asosiysi, 8 oydan buyon bekor yurgan Timoshenko xonim yana bosh vazirlik mansabiga qaytadi.
«Bizning Ukraina» partiyasiga esa 8 ta vazirlik portfeli nasib etadi. Shuningdek, parlament rahbarligiga ham ushbu partiya vakili — bir yil avval Milliy xavfsizlik kengashi kotibi bo‘lgan Pyotr Poroshenko saylanadi. Kelishuv sotsialistlar partiyasiga 4 ta vazirlik kursisi va bosh vazirning 1-o‘rinbosari lavozimini taqdim etadi. Hukumat rahbari o‘rinbosarligiga sotsialistlar yetakchilaridan biri Iosif Vinskiy saylanishi mo‘ljallanmoqda.
Hukumat va parlament rahbari bo‘lishi kutilayotgan shaxslarga diqqat qilsak, koalitsiya haqiqatdan ham ikki oyoq bir etikka tiqilgan paytda, eng so‘nggi chora o‘laroq tuzilganiga amin bo‘lamiz. Parlament raisligiga nomzod Poroshenko o‘tgan yili poraxo‘rlikda ayblangan paytda Timoshenko bu ayblarni qo‘llab-quvvatlagan edi. Poroshenko esa o‘z navbatida Timoshenkoning bosh vazirlikdan bo‘shatilishi tashabbuskorlaridan bo‘lgandi. Xullas, bu ikki siyosatdonni sovuq va issiq — ikki qo‘shilmas qutbning vakili deyish mumkin.
Mafiya emas, qonun…
Bir-biriga ashaddiy muxolif bo‘lgan siyosiy arboblarning o‘zaro hamkorlikda ishlashga rozilik berishi oson bo‘lmagani aniq. Lekin harqalay, har ikki yetakchi ham istiqboldagi jiddiy maqsadlarni ko‘zlamoqda. Masalan, Timoshenko 2009 yilgi prezidentlik saylovida o‘z nomzodini ilgari surmoqchi. Bu davr ichida hukumat rahbari sifatida xalq ishonchiga kirish esa saylovda katta muvaffaqiyat keltirishi mumkin.
Bir marta hukumat rahbarligidan mosuvo bo‘lgan, lekin shunga qaramay, hali ham jangovar ruhini yo‘qotmagan «Zarg‘aldoq inqilobi» malikasi siyosiy yetakchilik uchun hozirdanoq qat’iy harakat boshladi. Timoshenko o‘zaro ittifoq tuzilganidan keyin bergan dastlabki bayonotida mamlakatni korruptsiya illatidan xalos etish birinchi vazifa ekanini ta’kidlab, «Biz nima yaxshiyu, nima yomonligini mafiya emas, qonunlar ko‘rsatib beradigan jamiyatga erishishimiz kerak», dedi. Shuningdek, Timoshenko xonim Rossiya bilan yanvar oyida tuzilgan gaz eksporti to‘g‘risidagi shartnomani ham ko‘rib chiqish zarurligini bildirgan. Bu esa qo‘shni Yevropa davlatlarini yana tashvishga solib qo‘ydi. Boisi Rossiya orqali Yevropaga eksport qilinayotgan gazning deyarli 80 foizi Ukrainadagi quvurlar orqali o‘tadi. Agar ikki davlat o‘tgan yildagi kabi gaz borasida ixtilofga borsa, Rossiya Ukrainaga beriladigan tabiiy yoqilg‘ini to‘xtatsa, Kiyev esa bunga chidolmay yana Yevropaga chiqadigan quvurlarni yopib qo‘ysa, tabiiyki, ko‘hna qit’a aholisi yoqilg‘isiz qolishi mumkin.
Hozirda yanvar oyida imzolangan shartnomaga muvofiq, Kiyev «Rosukrenergo» vositachiligida yetkaziladigan gazning 1000 kub metri uchun 95 dollar to‘laydi. Bu esa Ukraina bosh vazirligiga asosiy nomzod bo‘lib turgan xonimga ma’qul kelmayapti. Aslida Timoshenko oldingi muddatdagi rahbarlik paytida ham Moskva bilan ayni gaz masalasida ko‘p bora jiddiy ixtiloflarga borgandi. Ko‘plab kuzatuvchilar Kreml bilan gaz masalasida bu qadar keskin munosabatga borish Ukraina uchun o‘tgan yilgi kabi iqtisodiy tang holatni keltirib chiqarishi mumkinligiga ochiq ishora qilmoqdalar.
AQSh-Rossiya dueli
Ukraina ikki buyuk davlat — Rossiya va AQSh manfaatlari to‘qnashgan hududlardan biri. Shu bois ham, ushbu mamlakat uchun Vashington va Moskva o‘rtasida ba’zan oshkora, ba’zan maxfiy — doimiy kurash boradi. Bu kurashda so‘nggi paytlarda Amerika qo‘li baland kelayotganday. Yevropacha taraqqiyot tarafdori va Rossiyaga qarshi kayfiyatda bo‘lgan, siyosiy tahlilchilar tomonidan kinoyaomuz «Amerika kuyovi» deb nomlanayotgan Yushenkoning hokimiyat tepasiga kelishi; Ukraina Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishga intilayotgani; Shimoliy Atlantika ittifoqi — NATOga a’zo bo‘lishga urinayotgani va hatto Kiyevning Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) dan chiqishga qaror qilgani shunday xulosaga undamoqda.
Vashington tomonining Ukrainadagi siyosiy voqealar yakunidan ko‘zlagan maqsadi hukumatni G‘arbga qo‘shilish tarafdori bo‘lgan inqilob partiyalarining to‘laqonli egallashi bo‘lsa, Moskva Rossiya bilan aloqalarni birinchi planga qo‘yayotgan Viktor Yanukovich g‘alabasini istaydi.
Jorj Bush ma’muriyati Ukrainaga NATOga a’zo bo‘lish borasida yordam berishga tayyor. Yaqindagina Amerika elchisi sifatida Kiyevga yuborilgan Uilyam Teylorning va’da berishicha, Ukraina uzog‘i bilan 2008 yilga borib Shimoliy Atlantika ittifoqiga qo‘shilishi mumkin. Ana shu yordamning yana bir amaliy ifodasi: ilgarilari biror davlat hududida boshqa davlat harbiy bazasi mavjud bo‘lishi NATOga a’zolik yo‘lidagi jiddiy to‘siqlardan edi. Biroq Oq uyning tavsiya kuchi tufayli Ukrainaning Sevastopol shahrida Rossiya harbiy kontingenti bo‘lishi ham Shimoliy ittifoqqa a’zolikka to‘siq bo‘lmay qoldi. Ha, buyuk davlatlar irodasi ancha-muncha to‘siqlarni ham ko‘z ochib yumguncha yo‘q qilib yuborishi mumkin.
Biroq Yushenko hukumati har qancha NATOga kirishni istamasin, mamlakatning 64 foiz aholisi bu qarorga qarshi. (Shu bois ham, amaldagi hukumat endilikda harbiy ittifoqqa qo‘shilish masalasini referendum orqali hal qilishga qaror berdi).
Deyarli ming yildan beri «Yon qo‘shni — jon qo‘shni» bo‘lib yashagan Rossiya Ukraina kabi eski do‘stidan osonlikcha voz kechmasligi aniq. Ana shu istakning yorqin in’ikosi o‘tgan oyda namoyon bo‘ldi: Ukraina va AQSh qurolli kuchlari hamkorligida Feodosiyada o‘tkazilishi rejalashtirilgan harbiy mashg‘ulotlar kuchli norozilik chiqishlari tufayli bekor bo‘ldi. Amerika o‘z kuchlarini Qrimdan olib chiqib ketishga majbur bo‘ldi…
Xullas, Ukraina siyosiy sahnasida ikki davlat o‘rtasida kechayotgan o‘ziga xos kurash — duel hali yakunlanganicha yo‘q.
Yushenkoning boshi qotgan
Juda katta va’dalar bilan hokimiyat tepasiga kelgan prezident Yushenko hozir murakkab holatga tushib qolgan. Uch oydan buyon davom etayotgan siyosiy inqiroz davlat rahbari faoliyatiga ham ta’sir etmay qolmaydi, albatta.
Prezidentning o‘zi jurnalistlarga bergan intervyusida: «Hukumatda juda ko‘p yangi qiyofalar paydo bo‘ldi, biroq hukumat qiyofasi o‘zgarmadi», deya inqilobdan keyingi manzarani tasvirlab berdi.
Mamlakatda iqtisodiy o‘sish sur’atining pastligi, korruptsiyaning kuchayib borayotgani yetmaganday hukumat va parlamentni shakllantirishdagi qiyinchiliklar ahvolni yanada murakkablashtirmoqda. Yushenkoning o‘g‘li 100 ming dollarlik avtomobilni qaerdan olganiyu, nima uchun prezidentning hali 30 ga ham to‘lmagan jiyani Xarkov viloyati gubernatori o‘rinbosari bo‘lib qolgani to‘g‘risidagi ovozalar esa demokratiya va qonun ustivorligi borasidagi otashin nutqlarga xalq ishonchini susaytirmoqda.
Endilikda Viktor Yushenko oldida yanada muhim, zalvorli vazifalar turibdi. Davlat rahbari turli guruhlarga bo‘linib ketgan siyosiy harakatlar boshini yagona maqsad yo‘lida qovushtirishi va siyosiy inqirozni bartaraf etishi, Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish yo‘lidagi Ukrainani Yevropaning yuqori mezonlari darajasiga olib chiqishi zarur. Buning ustiga, istiqbolda Rossiya bilan gaz masalasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan kelishmovchilik va uning ortidagi iqtisodiy qiyinchiliklar ham kutib turibdi. Xullas, Ukraina rahbariga hozirga holatda oson tutib bo‘lmaydi.
Sobirjon Yoqubov, «Hurriyat» gazetasidan olindi