Turkiyaning boy florasi ham professional, ham havaskor botaniklar uchun xazinaning o‘zginasi. 12 mingga yaqin o‘simlik turlari mavjud bo‘lgan mamlakat florasi havaskor va professional botaniklar uchun juda kerakli manba hisoblanadi. Zero, bu yerda butun Yevropa qit’asi bilan taqqoslanadigan darajada o‘simlik turlari xilma-xilligi mavjud, deb xabar beradi Turkiya madaniyat va turizm vazirligi PR agentligi.
Ma’lumki Turkiya Yevropa–Sibir, O‘rtayer dengizi va Eron–Turon mintaqalarini o‘z ichiga oladigan uch xil o‘simlik geografiyasiga ega dunyodagi yagona davlatdir. O‘lkadagi o‘simliklarning 3500 dan ortig‘i endemik hisoblanadi. Bu yerda, shuningdek, 2300 dan ortiq qo‘ziqorin turlari ham uchraydi.
Tabiatni sevuvchi sayohatchilar mamlakatning tabiiy landshaftlari, milliy va botanika bog‘lari orqali nodir geografik xususiyatlar haqida ma’lumotga ega bo‘lishlari mumkin.
46 ta milliy bog‘, 259 ta tabiat bog‘i, 31 ta qo‘riqxona, 114 ta tabiiy zona va 85 ta yovvoyi tabiatni rivojlantirish zonalari mamlakatning noyob flora va faunasi haqida tasavvur uyg‘otadi.
Ig‘neada milliy bog‘i
Turkiya shimoli-g‘arbidagi Qirqlarelidan 97 kilometr uzoqlikda joylashgan Ig‘neadagi milliy bog‘ 3155 gektar maydonni egallaydi. Boy biologik xilma-xillikka ega Ig‘neada tekis o‘rmonlar, botqoqliklar, chuchuk suvli ko‘llar va qirg‘oqlarini o‘z ichiga olgan noyob ekotizimlardan biri hisoblanadi.
2007 yilda milliy bog‘ deb e’lon qilingan va 472 xil o‘simlik turiga ega mintaqa, shuningdek, Saka, Deniz, Hamam, Pedina, Mert, Erikli kabi ko‘llar tizimini o‘z ichiga oladi.
Tabiat mo‘jizalarini suratlarga muhrlaydigan botaniklar ko‘zni qamashtiruvchi landshaftlar, shuningdek, qorabaklan qushi, oq dumli burgutlar, mayda kerkenezlar va mayda yashil o‘rmon qushlari kabi jami 194 turdagi qushlarni uchratishlari mumkin. U yerda o‘z chodiringizni qurib, tabiat bilan hamnafas bo‘lish imkoni mavjud.
Tuz ko‘li havzasi
Tuz ko‘li Turkiyadagi ikkinchi yirik ko‘l va dunyodagi eng katta sho‘rlangan ko‘llardan biri hisoblanadi. Bu flamingolar ko‘payadigan kam sonli hududlardan biri. Mazkur hududda har yili o‘rtacha 10 mingta flamingo dunyo yuzini ko‘radi. Ko‘lning suv harorati va iqlim sharoiti maqbul bo‘lganda, tuxumdan chiqadigan polaponlar soni 20 mingga yetadi. Bu dunyodagi eng katta ko‘rsatkichlardan biridir.
Yaqin vaqtgacha bu g‘ayrioddiy ko‘l faqat sho‘rlanish darajasi bilan mashhur bo‘lib, qaldirg‘och va yovvoyi g‘oz kabi ko‘chmanchi qushlar uchun yashash joyi sifatida tanilgan edi. Ammo 2020 yilda bir guruh turk olimlari Tuz ko‘lida 72 xil noyob endemik o‘simlik turlarini aniqlagach, ushbu kashfiyot ilm-fan olamida shov-shuvga sabab bo‘ldi. Endilikda Tuz ko‘li botanika ixlosmandlari va qushlarni kuzatuvchilarni ham o‘ziga jalb qilmoqda. Ko‘l odatda sayoz bo‘lib, uning mo‘jizaviy ko‘rinishi o‘simlik va hayvonot dunyosi qiziquvchilari uchun suratga olish imkoniyatini taqdim etadi.
Otaturk dendroparki
1949 yilda asos solingan va Mustafo Kamol Otaturk tavalludining 100 yilligini nishonlash doirasida 1982 yilda Otaturk dendroparki nomini olgan bu jannatmonand maskan Istanbulning eng yashil tumanlaridan biri, Belgrad o‘rmoniga tutash bo‘lgan Sariyerda joylashgan.
Uch ming kvadrat metr maydonni egallagan Otaturk dendroparkida 2000 dan ortiq mahalliy va ekzotik o‘simlik turlari, shuningdek, o‘rdak va oqqushlar yashaydigan uchta ko‘l va minglab daraxtlar, jumladan, eman, archa, qizil daraxt, alder va chinorlar o‘sadi. Istanbul universiteti o‘rmon xo‘jaligi fakultetiga qarashli Otaturk dendroparkiga dushanbadan tashqari har kuni tashrif buyurish mumkin.
Gaziantep botanika bog‘i
Gaziantep botanika bog‘i 2009 yilda 17 ming kvadrat metr maydonda tashkil etilgan. Mamlakatdagi yo‘qolib borayotgan o‘simliklar kollektsiyasini tashkil etuvchi ushbu yam-yashil hududda turli darajadagi o‘simlik turlarini o‘quvchilarga tanishtirish bo‘yicha turli treninglar tashkil etilmoqda. Bu mashhur bog‘ orqali botanika ixlosmandlari nafaqat g‘ayrioddiy o‘simliklarni kashf etishlari, balki Turkiyaning o‘ziga xos o‘simliklari haqida ma’lumot olishlari mumkin.