Turkmaniston va O‘zbekiston Prezidentlari Gurbanguli Berdimuhamedov va Shavkat Mirziyoyev o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralardan so‘ng ikki davlat rahbari Qo‘shma bayonot hamda O‘zbekiston Respublikasi va Turkmaniston o‘rtasida strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar beradi.
Shuningdek, tegishli vazirlik va idoralar o‘rtasida 2018-2020 yillarda iqtisodiy hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma, temir yo‘l transporti sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga oid memorandum, 2017-2019 yillarga mo‘ljallangan madaniy-gumanitar hamkorlik dasturi, 2017-2018 yillarda tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi hamkorlik dasturi, O‘zbekistondan Turkmanistonga qishloq xo‘jaligi texnikalari va kimyo mahsulotlari yetkazib berish to‘g‘risidagi shartnomalar imzolandi. Bundan tashqari, Xorazm viloyati bilan Dashovuz viloyati, Buxoro viloyati bilan Lebap viloyati hokimliklari o‘rtasida savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik to‘g‘risida bitimlar imzolandi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning taklifiga binoan 6 mart kuni davlat tashrifi bilan Ashxobodga bordi.
“Bu Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sifatida xorijiy davlatga ilk tashrifidir. Shavkat Mirziyoyev o‘zining saylovoldi dasturida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishish marosimidagi nutqida O‘zbekiston barcha davlatlar, birinchi navbatda, qo‘shni mamlakatlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik qilishini bayon etgan. Prezidentimizning mazkur davlat tashrifi O‘zbekiston tashqi siyosatda yaxshi qo‘shnichilik munosabatlariga alohida ahamiyat qaratayotganini yaqqol tasdiqladi”, deb xabar beradi O‘zA.
Ashxoboddagi “O‘g‘uzxon” saroyida Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Gurbanguli Berdimuhamedovning yakkama-yakka muzokarasi bo‘ldi. Unda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari, tomonlarni qiziqtirgan dolzarb mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Shavkat Mirziyoyev Gurbanguli Berdimuhamedovni Turkmaniston Prezidenti etib qayta saylangani munosabati bilan samimiy tabrikladi. O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasida mustahkam hamkorlik qaror topganini, bu tashrif izchil rivojlanib kelayotgan o‘zaro manfaatli va faol muloqotlarning mantiqiy davomi ekanini alohida ta’kidladi.
Gurbanguli Berdimuhamedov Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Prezidenti etib saylanganidan keyin davlat tashrifi bilan birinchi bo‘lib Turkmanistonga kelgani uchun minnatdorlik bildirib, bu tarixiy voqea mamlakatlarimiz hamkorligida foydalanilmagan imkoniyatlarni ishga solish va aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini qayd etdi.
Uchrashuvda mamlakatlarimizning siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorligini rivojlantirish borasidagi maqsad va yondashuvlari mushtarakligi, tomonlar mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalarda bir-birini qo‘llab-quvvatlab kelayotgani ta’kidlandi.
Prezidentlar muloqotni ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalarining kengaytirilgan tarkibdagi muzokarasida davom ettirdilar. Unda savdo-iqtisodiyot, neft-kimyo, transport kommunikatsiyalari, qishloq xo‘jaligi, madaniyat, turizm va boshqa sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga e’tibor qaratildi. Savdo-iqtisodiy aloqalarni diversifikatsiya qilish, eksport-import nomenklaturasini kengaytirish, tovar ayirboshlash hajmini ko‘paytirish masalalari muhokama qilindi.
Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi mavjud salohiyatga mos emasligi, uni kengaytirish uchun iqtisodiyot tarmoqlaridagi imkoniyatlarni yana bir bor tahlil etish zarurligi ta’kidlandi.
Ayni paytda O‘zbekistondan Turkmanistonga transport vositalari, mineral o‘g‘itlar, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, qurilish materiallari, elektr va mexanika uskunalari, metall buyumlar va turli sohadagi xizmatlar eksport qilinadi. Turkmanistondan yurtimizga neft mahsulotlari, propilen polimerlari va boshqa kimyoviy tovarlar keltiriladi.
Transport sohasi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlaridan hisoblanadi. O‘zbekiston hududi orqali Turkmanistonga, Turkmaniston hududi orqali O‘zbekistonga yuk tashiladi. Mamlakatlarimizning o‘zaro integratsiyalashgan avtomobil va temir yo‘llari uchinchi davlatlar uchun ham tranzit vazifasini o‘tamoqda. Shu jihatdan O‘zbekiston – Turkmaniston – Eron – O‘mon xalqaro transport-kommunikatsiya koridorini barpo etish bo‘yicha 2011 yili imzolangan bitim geostrategik ahamiyatga egadir.
O‘zA xabariga ko‘ra, muzokarada hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini ishga solish, savdo-iqtisodiy aloqalar qamrovini kengaytirish, hududlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorligini rivojlantirishga kelishib olindi.