Turkmanistonning mamlakatimizdagi elchixonasi Toshkent markazidagi “Moviy gumbazlar” xiyobonida veloyurish tashkil qildi. Velosiped harakatini ommalashtirishga qaratilgan bunday tadbir elchixona tomonidan 2018 yildan buyon uyushtiriladi.
7 aprel – Butunjahon salomatlik kuni munosabati bilan o‘tkazilgan sport tadbirida O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan turkmanistonlik talabalar, turkman diasporasi vakillari hamda elchixona xodimlari ishtirok etdi.
Sir emas, keyingi yillarda dunyo bo‘yicha velosportga qiziqish ortib bormoqda. Negaki, atrof-muhitni muhofaza qilish va salomatlikni saqlashda mazkur sport turi muhim o‘rin tutadi. Turkmaniston ham ommaviy salomatlik harakatini kengaytirish, velosportni rivojlantirishga o‘ziga xos ulush qo‘shib kelmoqda. 2018 yilda 3 iyun sanasi rasmiy Ashxobod tashabbusi bilan BMT tomonidan Butunjahon velosiped kuni deb e’lon qilingan. Qolaversa, joriy yil 15 mart kuni BMT Bosh assambleyasi 76-sessiyasi davomida “Barqaror rivojlanishga erishish uchun ommaviy velosiped harakatini jamoat transporti tizimiga integratsiya qilish haqida” rezolyutsiya qabul qilingan.
Turkmanistonda tashkil etiladigan ommaviy veloyurishlarda mamlakat rahbariyati ham ishtirok etadi. 2020 yili poytaxt Ashxobodda “Velosiped” deb atalgan monument ochilgan.