Turkiyalik taniqli pianinochi Tuluyxon Ug‘urlu Toshkentda kontsert berdi

Turkiyalik taniqli bastakor va pianinochi Tuluyxon Ug‘urlu 30 oktyabr kuni Toshkentda kontsert berdi.

O‘zbekiston davlat konservatoriyasining katta zalida o‘tkazilgan ma’rifiy kechada xalqaro tashkilotlar vakillari, diplomatlar, san’at va musiqa muhiblari ishtirok etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan Turkiyaning O‘zbekistondagi favquloda va muxtor elchisi Mehmet Surayyo Er bastakor va pianino ustasi Tuluyxon Ug‘urlu yaratgan asarlari orqali Turkiyaning beqiyos san’atini dunyoga tanitayotganini ta’kidladi.

“Tuluyxon Ug‘urlu Turkiya Respublikasining 100 yilligi arafasida yaratgan “Quyoshli o‘lka Onado‘li” kompozitsiyasini ota yurtimiz bo‘lmish O‘zbekistonda ijro etayotgani biz uchun ham, san’atkor uchun ham g‘oyat muhim ahamiyatga ega”, – dedi turk diplomati.

Tuluyxon Ug‘urlu ham o‘zbekistonlik san’ati ixlosmandlari bilan uchrashib turganidan mamnun ekanini izhor qildi.

San’atkor kontsert davomida “Onado‘lidan taralgan nur”, “Onado‘li tamaddunining tamal toshi”, “Usmoniylar: adolat, shafqat va qudrat”, “Mustafo Kamol Otaturk va Turkiya Respublikasi” kabi asarlarini ijro etdi.

Dunyoga mashhur pianinochining kuylari o‘zbekistonlik san’at ixlosmandlari tomonidan yuksak baholandi.

Atoqli san’atkorning kontserti Turkiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi madaniyat va turizm bo‘limi tomonidan tashkil etildi.

Tuluyxon Ug‘urlu yurtimizga tashrifi davomida Camarqandni ham ziyorat qildi. 

Tuluyxon Ug‘urlu 4 yoshida fortepiano chalishni o‘rgangan. 7 yoshida “Daho bolalar” tanlovida g‘olib chiqqan.  Istanbul konservatoriyasi va Vena musiqa akademiyasini tamomlagan. Dunyoning turli mamlakatlarida kontsert bergan. “Muqaddas kitobdan oyatlar”, “Dunyo poytaxti Istanbul”, “Oqdengiz” kabi o‘nlab albomlari bilan musiqa shinavandalari qalbidan o‘rin olgan.

S.Salim