Turkiya jahon turizm bozoridagi o‘rnini yanada mustahkamlamoqda. Mamlakat Madaniyat va turizm vazirligi ma’lumotiga qaraganda, 2016 yilning 11 oyida Turkiyaga 24 milliondan oshiq sayyoh kelgan. Demak, bu ko‘rsatkich 2015 yildagidan 30,8 foizga oshgan. Jahonda esa Turkiya sayyohlarni jalb etish bo‘yicha Frantsiya, AQSh, Ispaniya, Xitoy va Italiyadan keyin oltinchi o‘rinda bormoqda. Ammo mazkur ko‘rsatkich mamlakat rahbariyatini qoniqtirmayapti. Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on rejasiga ko‘ra, Turkiya yaqin muddatda bu borada sayyoramizning uchinchi davlati bo‘lishi lozim.
Rajab Toyyib Erdo‘g‘on: “Turizmga oid yangi strategiya lozim”
Yaqinda mamlakat turizm sohasi vakillari bilan uchrashgan Rajab Toyyib Erdo‘g‘on so‘nggi 14 yilda Turkiyaga kelayotgan sayyohlar soni 12-13 milliondan 40 millionga, ushbu sohadan olinayotgan daromad 12,5 milliard dollardan 31,5 milliard dollarga yetganini qayd etgan. Turkiya yetakchisiga ko‘ra, hozirgi natija bilan cheklanib qolish mumkin emas, balki sayyohlar sonini yana 8 millionga ko‘paytirish lozim.
“Mamlakatda sayyohlik madaniyat rivojlanmoqda. Fuqarolar turizm sohasida faollik ko‘rsatayotgani quvonarli, albatta. Bularning bari Turkiyaning turizm bo‘yicha kelajagi porloq ekanidan dalolatdir. Mavjud salohiyatdan unumli foydalanish uchun yangi strategiya, uslub, vosita va chora-tadbirlardan foydalanish kerak”, – deb ta’kidlagan Turkiya yetakchisi.
Bugun global iqtisodiy buhron, xavfsizlik muammolari, siyosiy va gumanitar inqirozlar kabi tashqi omillar turizm rivojiga to‘siq bo‘lmoqda. Turkiya Prezidenti mavjud muammolarni hal etib, turizm daromadini yaqin muddatda 50 milliardga, 2023 yilda esa 86 milliard dollarga yetkazish vazifasini qo‘ygan.
Nabi Avji: “Hali foydalanmagan imkoniyatlarimiz bor”
Turkiya Madaniyat va turizm vaziri Nabi Avji o‘tgan 2016 yil xiyla mashaqqatli kechgani, mamlakatda amalga oshirilgan qo‘poruvchilik harakatlari sayyohlar oqimiga ta’sir ko‘rsatganini qayd etgan. Vazirga ko‘ra, mavjud qiyinchiliklarga qaramay, bu boradagi natijalarni yaxshilashga erishilgan.
“Turkiyaning dam olish va ko‘ngilochar markazlariga asosiy sayyohlar Rossiya, Germaniya va Buyuk Britaniyadan kelgan davrda ham mamlakatimiz dunyoda oltinchi, Yevropada esa to‘rtinchi o‘rinni egalladi”, – deydi Nabi Avji.
Turkiya vaziri turizm bo‘yicha mamlakatning hali foydalanilmagan imkoniyatlari ko‘pligini ta’kidlaydi. Qayd etilishicha, endilikda mavjud bozorni yanada kengaytirish, xususan, mamlakatga Yaqin Sharq davlatlari sayyohlarini ko‘proq jalb etish choralari ko‘riladi.
Qolaversa, turizm sohasi vakillariga ko‘mak dasturi davom ettiriladi. Ayni paytda hukumat “A” toifadagi turistik firmalarga har bir charter reys uchun 6000 dollardan subsidiya ajratmoqda. Bundan tashqari, turistik firmalarga kredit berish jarayoni ham soddalashtirilgan. Bularning bari salkam 2 million kishi ish bilan band bo‘lgan sohani taraqqiy ettirishga qaratilgan.
Taleb Rifai: “Chumchuqdan qo‘rqqan tariq ekmaydi”
Tahlilchilar terrorizm tahdidi bois Turkiyaga sayyohlar oqimi kamayishi mumkinligini taxmin qiladi. BMTning Jahon sayyohlik tashkiloti (UNWTO) Bosh kotibi Taleb Rifai esa qo‘poruvchilik harakati ushbu soha taraqqiyotiga to‘siq bo‘la olmaydi, deb hisoblaydi.
Bosh kotibga ko‘ra, sayyohlar Turkiyadagi vaziyat boshqa yurtlardagidan aslo farq qilmasligini tushunishi kerak.
“Dunyoning istalgan davlatida terakt sodir etilishi mumkin. Terrorizm butun dunyoning tinchini buzmoqda, qo‘poruvchilik nafaqat Turkiya, balki Frantsiya, Belgiya, Tunis yoki Tailandda ham ro‘y berishi mumkin. Turkiyada dam olishni ko‘ngliga tukkan sayyohlar xavotirlanmasligi kerak”, – degan Taleb Rifai joriy yil yanvar oyida Onado‘li axborot agentligiga bergan intervyusida.
Xo‘sh, Turkiya turizm bo‘yicha dunyoning uchinchi davlati bo‘la oladimi? Bizningcha, mamlakat buning uchun yetarli salohiyatga ega. Avvalo, Turkiya qadimgi Rim, Yunon, Vizantiya imperiyalari, Usmonlilar davlati va islom tamadduniga daxldor benazir osori atiqalar, bebaho me’moriy obidalar va betakror tarixiy merosga ega. Mamlakatdagi 70 ob’ekt YuNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgani ham fikrimizni tasdiqlaydi. Sohillarini O‘rtayer, Egey, Marmar va Qora dengizlari yuvib turgan ma’mur kentlar, tabiati go‘zal qasabalar va infrastrukturasi taraqqiy etgan shaharlar ham jahon sayyohlariga manzur bo‘lsa ajab emas.
Sobir Salim