Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘on Prezident Islom Karimovning vafoti munosabati bilan O‘zbekiston rahbariyati, marhumning yaqinlari hamda o‘zbek xalqiga ta’ziya izhor etdi.
“O‘zbekiston janob Karimovning kuchli peshqadamligida so‘nggi chorak asrda jadal taraqqiy etib, mintaqa va dunyoda muhim davlat sifatida o‘rin egalladi. Turkiya tarixiy do‘sti va qardoshi bo‘lgan O‘zbekiston bilan aloqalarini har sohada rivojlantirishga katta ahamiyat beradi. O‘zbekiston bilan ikki tomonlama, mintaqaviy va xalqaro platformalardagi hamkorligimizni xalqlarimizning manfaatiga xizmat qiladigan shaklda va o‘zaro ishonch asosida rivojlantirishda davom etishimizga chin qalbdan ishonaman”, – deyiladi Oliy Majlis Senati Raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev nomiga yo‘llangan ta’ziya maktubida.
Turkiya yetakchisi O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev hamda Islom Karimovning rafiqasi Tatyana Karimova nomiga ham ta’ziya maktublari yo‘llagan.
Shuningdek, Turkiya Bosh vaziri Binali Yildirim, Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavushog‘lu, Buyuk Millat Majlisi sobiq raisi va sobiq Tashqi ishlar vaziri Hikmat Chetin nomidan ham O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning vafoti munosabati bilan ta’ziyanomalar kelgan.
Turkiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi xabariaga ko‘ra, Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘on G20 sammiti doirasida Xitoy Xalq Respublikasiga tashrif buyurgani hamda Turkiyada favqulodda holat joriy etilgani tufayli Islom Karimovni dafn etish marosimida Turkiya nomidan Bosh vazir o‘rinbosari Yildirim Tug‘rul Turkesh boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi. Delegatsiya a’zolari orasida Turkiya Tashqi ishlar vazirligi Ikki tomonlama siyosiy aloqalar departamenti direktori Shefik Vural Altay va Turkiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Namik Gyuner Erpul ham bor edi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov 2016 yil 2 sentyabr kuni vafot etdi. Shu munosabat bilan 2016 yil 3 sentyabrdan mamlakatimizda uch kunlik motam e’lon qilindi. Marhum o‘zi tavallud topgan Samarqand shahrida dafn etildi. Dafn marosimida bir qator davlat va hukumat yetakchilari hozir bo‘ldi.