Turkiya prezidenti devoni yolg‘on ma’lumotlardan ehtiyot bo‘lishga chaqirdi

Turkiya prezidenti devoni Axborot-kommunikatsiya boshqarmasi mamlakatda 6 fevral kuni ro‘y bergan kuchli zilzilalar munosabati bilan aholini, shuningdek, milliy va xalqaro jurnalistlarni manipulyatsiya ruhidagi axborotdan ehtiyot bo‘lishga chaqirdi.

Qayd etilishicha, mamlakatni larzaga solgan zilzila oqibatlarini bartaraf etish uchun vakolatli muassasalar, xususan, Turkiya favqulodda vaziyatlar agentligi (AFAD) tunu kun faoliyat yuritmoqda.

Aholi va OAV vakillariga axborotni rasmiy manbalardan olish, tabiiy ofat hududidagi vatandoshlarga esa xavfsizlik choralariga rioya etish tavsiya qilingan.

Turkiya prezidenti devoni Axborot-kommunikatsiya boshqarmasi rahbari, professor Faxriddin Altunga ko‘ra, mamlakat mushkul sinovni boshdan kechirayotgan paytda dezinformatsiya va soxta axborotlar tarqatish yo‘qotishlar ko‘lamini oshirib, qutqaruv amaliyotiga xalal berishi mumkin. Shunga ko‘ra u ijtimoiy tarmoqlar, xususan, Twitter ma’muriyatini  dezinformatsiyaning oldini olish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rishga chaqirgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan post va ma’lumotlarni tarqatish Turkiya jinoyat kodeksiga muvofiq jazolanishi eslatilgan.

Axborot-kommunikatsiya idorasi dezinformatsiyani aniqlash xizmatini ham yo‘lga qo‘ygan.

Mintaqa aholisiga axborot va muloqot uchun qulaylik yaratish maqsadida barcha GSM operatorlarining quvvati oshirilgani, internet xizmati sifati kuchaytirilgani ma’lum qilingan.

Turkiyaning janubi-sharqiy Onado‘li mintaqasida 6 fevral tongida boshlangan zilzilalar natijasida ko‘plab viloyatlar, ayniqsa, Gaziantep va Kahramanmarash katta talafot ko‘rdi. Tabiiy ofat, shuningdek, Hatay, Adiyaman, Diyorbakir, Malatya, Usmoniya, Elazig, Kilis, Shanliurfa, Adana viloyatlarida ham mash’um iz qoldirdi.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on qutqaruv amaliyotiga boshchilik qilish uchun AFAD markaziga kelgan. U 6 fevral kungi tabiiy ofatni 1939 yil Arzinjon zilzilasidan keyin kuzatilgan eng katta halokat deb atagan. Erdo‘g‘on 85 millionli aholi yagona yurakka aylanmog‘i lozimligini ta’kidlagan.

Turkiyada zilzila qurbonlari xotirasiga hurmat ramzi sifatida 12 fevralga qadar motam e’lon qilingan.

Mavzuga doir maqola:

Turkiya: AFAD favqulodda vaziyatlarda qanday chora-tadbir ko‘radi? 06.02.2023