Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on amaldagi xalqaro tartib, xususan, BMTning hozirdagi formatini qoniqarsiz deb baholadi. Antaliya shahrida tashkil etilgan xalqaro diplomatik forumda (ADF 2021) ma’ruza qilgan Turkiya yetakchisi hozirgi xalqaro boshqaruv tizimi dunyo ikki qutbli bo‘lgan eski davrdan meros ekani, bu ahvolda insoniyat duch kelayotgan turfa muammolarni hal etish imkonsiz ekanini ta’kidladi.
Erdo‘g‘onga ko‘ra, “Dunyo beshdan kattaroqdir!”. Ya’ni xalqaro muammolarni hal etish faqatgina BMT Xavfsizlik kengashining besh doimiy a’zosi (AQSh, Rossiya, Xitoy, Frantsiya, Buyuk Britaniya) vakolatida bo‘lishi nomaqbul holatdir.
“8 milliard nufusli Yer sayyorasi aholisining taqdiri BMT Xavfsizlik kengashining besh doimiy a’zosi hukmiga bog‘liq bo‘lib qolishi to‘g‘ri emas. Dunyoning 190 mamlakatiga global muammolarni hal etishda vaqtincha ishtirok etish huquqini beruvchi tizim adolatni ta’minlay olmaydi. Adolat barqaror bo‘lmagan makonda esa urush, tanglik va huquqsizlik hukm suradi”, – dedi Turkiya rahbari.
R.T.Erdo‘g‘on insoniyatni og‘ir imtihonga duchor etgan pandemiya davrini tahlil etar ekan, xalqaro boshqaruv instituti favqulodda vaziyatdan muvafaqqiyatli chiqib keta olmaganiga e’tibor qaratdi.
“BMT Xavfsizlik kengashi pandemiya mavzusini sog‘liqni saqlash sohasidagi yirik global inqiroz boshlanganidan 100 kun o‘tibgina muhokama qilishga kirishdi”, – deya tuzilma faoliyatini tanqid qildi u.
Turkiya yetakchisiga ko‘ra, hozirgi ixtilof va ziddiyatlar zamonida diplomatiyaning, diplomatik usullarning ahamiyati har qachongidan-da oshgan. Buning uchun esa o‘tmishning eskirgan qarashlari va tangu tor qoliplaridan dadil voz kechish talab etiladi.
O‘tgan hafta oxirida Turkiyaning sayyohlik poytaxti – Antaliyada mamlakat prezidenti shafeligida “Innovatsion diplomatiya: yangi davr, yangi yondashuvlar” mavzusida xalqaro mashvarat tashkil etildi. Diplomatik forumda 10 ga yaqin davlat va hukumat rahbarlari, 42 mamlakat tashqi ishlar vaziri, xalqaro tashkilotlar yetakchilari, olimlar, tadbirkorlar va jamoatchilik faollari qatnashdi.
Eslatib o‘tamiz, Antaliya diplomatik forumida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov ham qatnashdi. Mamlakatimiz tashqi siyosat mahkamasi rahbari nufuzli tadbirda nutq so‘zlab, O‘zbekiston yuritayotgan mintaqaviy siyosatning ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida ma’lumot berdi.
S.Salim