Turkiya bu yil ilk marotaba Global barqaror turizm anjumaniga (Global Sustainable Tourism Conference) mezbonlik qiladi. Tadbir 9–12 may kunlari mamlakatning turizm poytaxti – Antaliya shahrida bo‘lib o‘tadi.
Anjumanda 350 dan ortiq mahalliy va xorijiy ishtirokchilar, jumladan, davlat sektori, mehmonxonalar, turoperatorlar, kompaniyalar, akademik doiralar, rivojlanish agentliklari, onlayn sayohat agentliklari va nodavlat tashkilotlar vakillari qatnashadi.
To‘rt kunlik konferentsiya dasturi trening, interaktiv panel, seminar, uchrashuv va ijtimoiy tadbirlarni o‘z ichiga oladi.
Global barqaror turizm kengashi atrof-muhit va barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha dunyodagi eng yirik tashkilot bo‘lib, sayohat va turizmda barqarorlikni ta’minlash uchun ishlab chiqilgan global standartlarni tartibga soladi, takomillashtiradi va boshqaradi.
GSTC barqaror turizmning dolzarb masalalarini muhokama qilish uchun xalqaro miqyosda konferentsiyalar ham tashkil qiladi. Jumladan, har yili dunyoning turli shaharlarida uyushtiriladigan Barqaror turizm anjumani o‘zaro fikr almashish, xalqaro standartlarni qo‘llash imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgandir.
Pandemiya sababli ikki yil onlayn tarzda o‘tkazilgan anjuman o‘tgan yili Ispaniyaning Sevilya shahrida bo‘lib o‘tdi. Turkiya turizmni rivojlantirish va tatbiq etish agentligi (TGA) tomonidan olib borilgan nomzodlik jarayonidan so‘ng nufuzli tadbir bu yil Antaliyada o‘tkazilishi e’lon qilindi.
2022 yil boshida GSTC bilan imzolangan hamkorlik shartnomasiga muvofiq Turkiya barqaror turizmda amal qilinishi kerak bo‘lgan yo‘l xaritasini aniqladi va global barqarorlik amaliyotini tezlashtirdi. Turizm sanoatida inqilob qilish uchun Turkiya milliy barqaror turizm dasturi ishlab chiqildi. Tadrijiy ravishda amalga oshirilayotgan dasturning birinchi bosqichi joriy yilda, ikkinchi bosqich 2025 yilda, uchinchi bosqich esa 2030 yilda barcha xalqaro standartlarga javob bergan holda yakunlanadi.
Turkiya janubida, O‘rtayer dengizi va Turk Riviyerasining qoq markazida joylashgan Antaliya go‘zal tabiati, dengizi, tarixiy va madaniy o‘ziga xosligiga ko‘ra “turizm poytaxti” deb e’tirof etilgan. Har yili minglab sayyohlarni qabul qiladigan mintaqa “dengiz–qum–quyosh” trilogiyasidan tashqari sarguzasht, madaniyat-san’at va ko‘ngilochar turizm turlari bilan ajralib turadi.
Mavzuga doir maqola:
Turkiya Global barqaror turizm kengashi bilan hamkorlik shartnomasi imzoladi. 17.01.2022