Turkiya: AFAD favqulodda vaziyatlarda qanday chora-tadbir ko‘radi?

Turkiyaning janubiy viloyatlarida 6 fevral kuni ro‘y bergan kuchli zilzilalar mamlakat uchun katta imtihon bo‘ldi. Ushbu sinovli pallada Turkiya tabiiy ofat va favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etish agentligi (AFAD – Afet ve Acil Durum Yönetimi Başkanlığı) qutqaruv amaliyotida jonbozlik ko‘rsatmoqda.

2009 yilda favqulodda vaziyatlarda yagona boshqaruv asosida harakatlanish maqsadida fuqaro mudofaasi va avariya-qutqaruv boshqarmalarini birlashtirgan holda AFADga asos solingan.

Turkiya yaqin tarixida bir necha bor kuchli zilzilalarga guvoh bo‘lgan. Masalan, 1999 yil 17 avgust kuni ro‘y bergan Izmit zilzilasida 18,3 ming kishi halok bo‘lgan, 24 mingga yaqin kishi jarohatlangan. Bu kabi tabiiy ofatlar AFAD kabi yaxlit tuzilmani tashkil etish va faoliyatini kuchaytarishni taqozo etgan.

Ayni paytda zamonaviy texnologiyalarga ega mazkur tashkilotining minglab xodimlari bor. Shu bilan birga, AFAD viloyatlarda ko‘ngillilar tarmog‘ini ham shakllantirgan. Agentlik 2022 yil noyabr oyida fuqarolarni yer qimirlashiga qarshi tayyorlash bo‘yicha umummilliy mashg‘ulotlar ham o‘tkazgan.

Turkiya janubiy mintaqalarida 6 fevral kuni ro‘y bergan zilzila oqibatlarini bartaraf etish, vayronalar ostidan insonlarni qutqarish uchun AFADning minglab xodimlari safarbar qilingan, xususan, tabiiy ofat epitsentri bo‘lgan Kaxramonmarash viloyatida tig‘iz qutqaruv amaliyoti ketmoqda.

So‘nggi xabarlarga ko‘ra, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etishga boshchilik qilish uchun AFAD markaziga kelgan. Turkiya rahbari so‘nggi zilzilalarni 1939 yildan beri kuzatilgan eng yirik halokat deb atagan.

“Davlatimiz zilziladan keyin barcha muassasalar bilan chora ko‘rdi, jamiki imkoniyatlar safarbar qilindi, tabiiy ofat ro‘y bergan viloyatlarga qutqaruv bo‘linmalari yuborildi”, – degan R.T.Erdo‘g‘on.

Turkiya parlamenti ham bir haftalik ta’til e’lon qilgan, deputatlar esa jabrdiydalarga ko‘mak uchun tabiiy ofat ro‘y bergan viloyatlarga yo‘l olgan.

E’tiborga molik jihati, insonparvarlik va qardoshlik ifodasi sifatida, zilzila oqibatlarini bartaraf etish maqsadida O‘zbekistondan Turkiyaga 60 nafar qutqaruvchi hamda 3 ta maxsus avariya-qutqaruv texnikasi yuborilmoqda.