Toshkentdagi Ikuo Xirayama xalqaro madaniyat karvonsaroyida “Ranglar uyg‘unligi” yapon belbog‘lari ko‘rgazmasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Yaponiya elchixonasi matbuot xizmati xabar berdi.
Madaniy tadbir Yaponiya elchixonasi tomonidan O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, Ikuo Xirayama xalqaro madaniyat karvonsaroyi va O‘zbekiston–Yaponiya markazi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Ochilish marosimida Yaponiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Yoshinori Fujiyama qatnashdi va an’anaviy yapon madaniyatining muhim belgilaridan sanalgan belbog‘lar haqida so‘zladi.
Kunchiqar o‘lkaning rang-barang belbog‘lari namoyish etilayotgan ko‘rgazma 28 sentyabrdan 9 oktyabrga qadar davom etadi.
Eslatib o‘tamiz, bu yil O‘zbekiston hamda Yaponiya o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 30 yil to‘ldi. Ushbu sana munosabati bilan elchixona yil davomida turli madaniy tadbirlar, ko‘rgazmalar tashkil etib kelmoqda.
Mavzuga doir maqolalar:
Toshkentda Yaponiya elchixonasi bilan hamkorlikda onlayn seminar va mahorat darsi o‘tkazildi. 04.03.2022
Toshkentda O‘zbekiston–Yaponiya diplomatik munosabatlarining 30 yilligi doirasida ko‘rgazma ochildi. 25.02.2022