AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo‘yicha yordamchisi birinchi o‘rinbosari, elchi Elis Uells 25-28 fevral kunlari Qirg‘iziston poytaxti Bishkek va O‘zbekiston poytaxti Toshkentga tashrif buyuradi. Bu haqda AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi matbuot xizmati xabar beradi.
Elchi E.Uells Bishkekda Qirg‘iziston hukumatining yuqori lavozimli mulozimlari bilan muzokaralar o‘tkazadi hamda Markaziy Osiyodagi Amerika universitetida talabalar va o‘qituvchilar bilan uchrashadi. Shuningdek, u sobiq prezident Qurmanbek Bakiyev oilasi o‘margan 4,6 million dollar mablag‘ni qirg‘iz xalqiga qaytarish bo‘yicha olib borilayotgan muvaffaqiyatli qo‘shma sa’y-harakatlarni nishonlash uchun Qirg‘iziston Respublikasi Moliya vaziri Baktigul Jeenbayeva bilan bo‘ladigan ommaviy tadbirda qatnashadi.
Davlat kotibi yordamchisi birinchi o‘rinbosari Uells Toshkentda O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan birgalikda ikki mamlakat o‘rtasidagi yillik maslahatlashuvlarni o‘tkazadi.
Diplomat tashrif davomida global va mintaqaviy xavfsizlik, Afg‘onistondagi tinchlik jarayoni, iqtisodiy va savdo kelishuvlari, inson huquqlari va diniy erkinliklar hamda sud islohoti, xalq ta’limi va xotin-qizlar huquqi bo‘yicha Vashington va Toshkent o‘rtasidagi qo‘shma dasturlarni muhokama qilish uchun O‘zbekiston hukumati yuqori lavozimli vakillari bilan uchrashadi.
Qayd etilishicha, bu – Qo‘shma Shtatlar va O‘zbekiston o‘rtasidagi strategik hamkorlik sohasida yangi davrni ochib bergan Prezident Shavkat Mirziyovning 2018 yil may oyida Vashingtonga qilgan tarixiy tashrifidan so‘ng o‘tkazilayotgan birinchi yillik maslahatlashuvdir.
“Qo‘shma Shtatlar Prezident Mirziyoyevning islohot dasturlari hamda ikki xalqlarimiz o‘rtasidagi kuchli ikki tomonlama aloqalarning rivojini qo‘llab-quvvatlar ekan, O‘zbekiston bilan hamkorligimiz yanada mustahkamlanib boradi, deb umid qiladi” deyiladi AQSh elchixonasi xabarida.
Suratda: Abdulaziz Komilov hamda Elis Uells. Jeneva, 2018 yil 27 noyabr