Toshkentda Turkmaniston mustaqilligining 27 yilligi bayram qilindi

Turkmanistonning Toshkentdagi elchixonasida tantanali qabul marosimi bo‘lib o‘tdi. Turkmaniston Respublikasi davlat mustaqilligining 27 yilligi munosabati bilan uyushtirilgan tadbirda yurtimizdagi xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari rahbarlari, diplomatlar, san’at va madaniyat namoyandalari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.

Qabul marosimida O‘zbekiston hukumati nomidan Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov ishtirok etdi.

Turkmanistonning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Yazgul Mammedov yig‘ilishda so‘z olib, qardosh va birodar ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik jadal rivojlanib borayotganini mamnuniyat ila qayd etdi.

Ikki davlat rahbari o‘rtasidagi muloqot muntazamlik kasb etgani Turkmaniston va O‘zbekiston o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega. Mazkur uchrashuvlar o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga yangi sur’at bag‘ishladi, uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan sheriklikning barcha yo‘nalishlariga mustahkam poydevor qo‘ydi. O‘zbekiston Respublikasi bilan Turkmaniston Respublikasi o‘rtasida strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnoma imzolangani buning yorqin tasdig‘idir.

Qayd etilishicha, ikki tomonlama munosabatlarimizda mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash masalasi alohida ahamiyatga ega. Shu o‘rinda mamlakatlarimizning mazkur masalaga doir yondashuvlari o‘zgarmas va izchildir. Turkmaniston va O‘zbekiston Markaziy Osiyoning tinch va barqaror taraqqiyotini ta’minlaydigan mustahkam va samarali mexanizmlarni yaratish, yaxshi qo‘shnichilik munosabatlariga rioya etish va o‘zaro manfaatlarni hisobga olishning qat’iy tarafdori.

Tinchlik va xavfsizlik masalalari bilan bir qatorda mamlakatlarimiz barqaror taraqqiyotning muhim tarkibiy qismlari – energetik xavfsizlik, xalqaro transport-tranzit aloqasini rivojlantirish, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohalarida birgalikda harakat qilmoqda.

Turkmaniston elchisiga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar asrlar mobaynida shakllangan yaxshi qo‘shnichilik, umumiy tarix, til, madaniyat, an’ana va urf-odatlar o‘xshashligiga asoslangan. Bugun davlatlararo hamkorlik ana shunday mustahkam poydevorga tayangan holda izchil taraqqiy etib bormoqda.

Mustaqillik kuni Turkmaniston Respublikasining bosh bayrami sanaladi. 1991 yil 26 oktyabr kungi referendumda respublika aholisining 93 foizi sobiq Ittifoq tarkibidan mustaqil davlat sifatda ajralib chiqishni yoqlab ovoz bergan. 1991 yil 27 oktyabrda Turkmaniston Mustaqilligi deklaratsiyasi qabul qilingan.

Turkmaniston davlati tashqi siyosatda betaraflik tamoyiliga tayanadi. 1995 yil 12 dekabrda BMT Bosh Assambleyasining 185 a’zosi bir ovozdan mamlakatni doimiy betaraf deya tan olgan.

Eslatib o‘tamiz, Yazgul Mammedov joriy yil 6 sentyabrda Turkmanistonning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi sifatida Prezident Shavkat Mirziyoyevga ishonch yorlig‘ini topshirgan.

“Turkmanistonning eng tajribali diplomatlaridan biri Yazgul Mammedovning O‘zbekistondagi faoliyati har tomonlama samarali bo‘ladi, davlatlarimiz o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi, deb ishonamiz”, degan Prezident Sh.Mirziyoyev diplomatdan ishonch yorlig‘ini qabul qilar ekan.

Bunga qadar Yazgul Mammedov  Turkmanistonni Malayziya, Bruney, Indoneziya, Tailand kabi mamlakatlarda tamsil etgan.

S.Salim