Qozog‘istonning O‘zbekistondagi elchixonasi 16 dekabr – mamlakat mustaqilligi kuni munosabati bilan tantanali marosim tashkil etdi. Unda davlat va jamoat tashkilotlari, xalqaro tashkilotlar, elchixonalar vakillari, san’at hamda madaniyat namoyandalari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Marosimda nutq so‘zlagan Qozog‘istonning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Darxon Satibaldi ikki mamlakat munosabatlariga to‘xtaldi.
“Qozog‘iston va O‘zbekiston munosabatlarini strategik hamkorlik va qardosh-qo‘shnichilikning yuqori darajasi deb baholash mumkin. Mustaqillikka erishilgan yillardan buyon mamlakatlarimiz yaqin aloqalarni saqlab, mushtarak harakatlar borasida salmoqli mexanizmlarni yaratibgina qolmay, munosabatlarni yanada chuqurlashtirish borasida mustahkam poydevor qo‘ya oldi”, – dedi elchi.
Qayd etilishicha, 2016 yildan buyon ikki davlat savdo aylanmasi 2 baravarga ortdi. Joriy yilning 10 oyi mobaynida esa bu ko‘rsatkich 3,2 milliard dollarni tashkil etdi. Sarmoya bo‘yicha o‘zaro ko‘mak ham kengaymoqda. Qozog‘istonlik sarmoyadorlar asosan qurilish materiallari, metall konstruktsiyalar, un ishlab chiqarish, shuningdek, savdo majmualarini rivojlantirish, ob’ektlar barpo etishga, o‘zbekistonlik investorlar esa qo‘shni mamlakatda avtomobilsozlik, to‘qimachilik, farmatsevtika va maishiy texnika ishlab chiqarishga mablag‘ tikmoqda.
Xabaringiz bor, joriy yil 6 dekabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘istonga davlat tashrifi bilan bordi. Ushbu tashrif o‘zaro strategik munosabatlarni ittifoqchilik darajasiga ko‘targani bilan ahamiyatlidir.
“Tashrif yakunlari mamlakatlarimizning yanada faol iqtisodiy aloqalar va siyosiy yaqinlashuv borasida mushtarak nuqtai nazarda ekanini tasdiqladi, ayni choqda, strategik hamkorlikning yangi ufqlarini ochish imkonini berdi. Ikki tomonlama salmoqli hujjatlar to‘plami (22 hujjat) imzolandi. Ular orasida Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi deklaratsiyani alohida qayd etish joiz. Bu hujjat Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi ishonchga asoslangan munosabatlarning yangi bosqichiga shahodat beradi”, – dedi Qozog‘iston elchisi.
Elchi D.Satibaldi Qozog‘iston mustaqillik yillarida erishgan asosiy yutuqlarga to‘xtalar ekan, mamlakat rejali iqtisodiyotdan bozor iqtisodiyotiga muvaffaqiyatli tarzda o‘tganini qayd etdi.
1991 yilning 16 dekabrida Qozog‘iston Oliy kengashi davlat mustaqilligi va suvereniteti haqidagi qonunni qabul qilgan. O‘shandan buyon 16 dekabr Mustaqillik kuni sifatida nishonlanadi.
Eslatib o‘tamiz, kuni kecha Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jo‘mart Toqayev ushbu sana munosabati bilan bir guruh fuqarolarni davlat mukofotlari bilan taqdirlagan edi. U o‘z nutqida Qozog‘iston tarixan qisqa vaqtda kuchli va nufuzli davlatga aylanganini ta’kidlagan.
Shu mavzudagi maqolalar:
Qozog‘iston-O‘zbekiston munosabatlari: kecha, bugun va ertaga”. 06.12.2017
Erik Utembayev: “O‘zbekiston Qozog‘iston tashqi siyosatida muhim o‘rin egallaydi”. 10.12.2016
Boribay Jeksembin: “Qozog‘iston va O‘zbekiston dolzarb xalqaro masalalarda hamfikr”. 14.12.2015