O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida Ozarbayjon xalq yozuvchisi Anorning “Albatta uchrashamiz” nomli yangi kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Turkiy dunyoning taniqli adibi asarlari o‘zbek tiliga asliyatdan atoqli jurnalist va tarjimon, “Guliston” jurnali bosh muharriri Mamatqul Hazratqulov tomonidan o‘girilgan. Tarjimon kitobga katta so‘zboshi ham yozgan.
Toshkentdagi “Tamaddun” nashriyotida chop etilgan 350 betli salmoqli to‘plamga Anorning “Dantening yubileyi” va “Oq qo‘chqor, qora qo‘chqor” romanlaridan parcha, “Gruzin familiyasi”, “Eski yilning so‘nggi kechasi”, “Ishonch”, “Zanjir”, “Qo‘l qo‘lni yuvar”, “Bir stakan suv” kabi hikoyalari jamlangan.
Taqdimotda O‘zbekiston fan, madaniyat va san’at arboblari, yozuvchi va shoirlar, Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi va O‘zbekiston–Ozarbayjon do‘stlik jamiyati rahbariyati, adabiyotshunoslar, talabalar ishtirok etdi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid tadbirni ochar ekan, ozarbayjon–o‘zbek adabiy aloqalari, zamonaviy Ozarbayjon adabiyotining mashhur vakili Anorning hayoti va ijodi haqida gapirdi, mazkur adibning asarlari sobiq SSSR davrida ham,mustaqillik yillarida ham O‘zbekiston kitobxonlari tomonidan mehr bilan o‘qilgani va Toshkentda qayta-qayta nashr etilganini ta’kidladi. S.Sayyid Ozarbayjon adabiyoti O‘zbekistonda doimo katta qiziqish uyg‘otgani, buyuk shoirlar Nizomiy Ganjaviy, Muhammad Fuzuliy va Alisher Navoiy, G‘afur G‘ulom va Samad Vurg‘un, shuningdek, bir qancha shoir va yozuvchilarimiz o‘rtasida doimiy do‘stona va adabiy aloqalar bo‘lganini ta’kidladi.
Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi direktori Samir Abbosov, avvalo, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga Ozarbayjon adabiyotiga bo‘lgan e’tibor, taniqli adib asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilish va nashr etish loyihasi uchun minnatdorlik bildirdi.
Diplomatning ta’kidlashicha, Anor adabiyotga kirib kelgan dastlabki vaqtlardan boshlab o‘z asarlari bilan kitobxonlar qalbidan joy olgan va adabiyot tarixida alohida mavqega ega. S.Abbosov Anorning Ozarbayjon adabiyoti taraqqiyotidagi alohida xizmati, turli adabiy uslublarda yaratgan asarlari, jumladan, dramaturgiya va kino sohasidagi faoliyatini ta’kidlab, uning asarlari nafaqat Ozarbayjonda, balki dunyoning turli mamlakatlari, jumladan, O‘zbekistonda ham qadrlanishini ta’kidladi. Notiq yozuvchining O‘zbekistonga safari, o‘zbek adabiyotiga ta’siri haqida ham fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Filologiya fanlari doktori, professor Nurboy Jabbor, O‘zbekiston–Ozarboyjon do‘stlik jamiyati a’zosi, dotsent Gulbahor Ashurova, “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri Axmadjon Meliboyev, filologiya fanlari doktori Olimjon Davlatov va boshqalar ham Anor ijodining o‘ziga xos jihatlari xususida so‘zladilar.
Tarjimon Mamatqul Hazratqulov kelajakda boy adabiy an’analarga ega Ozarbayjon adabiyoti namunalarini tarjima qilishda davom etishini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi tashabbusi va ko‘magida Anorning “Men, sen, u va telefon” kitobi o‘zbek tilida chop etilgan edi.
Anor Rasul o‘g‘li Rizoyev (Anar Rəsul oğlu Rzayev) 1938 yili Boku shahrida mashhur shoirlar Rasul Rizo va Nigor Rafibeyli xonadonida tavallud topgan. 1960 yili Ozarboyjon davlat universitetini, 1964 yili Moskvadagi Oliy stsenariynavislik kursini tamomlagan. Uzoq yillar matbuot va televideniye tizimida faoliyat yuritgan. 1987 yildan Ozarboyjon yozuvchilar birligi (AYB) raisi vazifasida faoliyat yuritib kelmoqda.
Adibning “Bayram hasratida” (1963), “Mulla Nasriddin-66” (1970), “Odamning odami” (1977), “Majol” (1973), “Icharishahar” (1978), “Sizni deb kelganman” (1984), “Dunyo bir derazadir” (1986), “Sizsiz” (1992), “Shaharning yoz kunlari” (1992), “Shahidlar dog‘i” (1995), “Ming besh yuz yillik O‘g‘uz she’riyati” (1999), “Oq qo‘chqor, qora qo‘chqor” (2003) kabi kitoblari nashr etilgan va dunyoning ko‘plab tillariga tarjima qilingan. Ijodkor “Har oqshom o‘n birda”, “Kun keldi”, “Taxmina” kabi filmlar uchun stsenariy ham yozgan.
Eslatib o‘tamiz, “Ziyouz” portalida ham taniqli yozuvchining “Besh qavatli uyning oltinchi qavati” romani, “Oq ko‘rfaz” qissasi va bir qator hikoyalari chop etilgan.