Toshkentdagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazida Ozarbayjon–O‘zbekiston do‘stlik muzeyining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ozarbayjon xalqining umummilliy yetakchisi Haydar Aliyev tavalludining 100 yilligiga bag‘ishlangan muzeydan ikki xalqning mushtarak qadriyatlarini aks ettiruvchi eksponatlar o‘rin olgan.
Marosimni Ozarbayjon madaniyat markazi direktori Samir Abbosov kirish so‘zi bilan ochar ekan, Ozarbayjon uchun O‘zbekiston bilan munosabatlar doimo muhim bo‘lib kelgani, kundan-kun rivojlanib borayotgan hamkorlik strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilganini urg‘uladi.
Qayd etilishicha, Ozarbayjon madaniyat markazi tomonidan do‘stlik muzeyini tashkil etish bo‘yicha uzoq muddat davom etgan ishlar yaqinda yakunlandi. Diplomat buyuk davlat arbobi H.Aliyevning mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashda xizmati katta ekani, shu sabab madaniyat maskanining ochilishi Ozarbayjon xalqining milliy yetakchisi 100 yilligiga bag‘ishlanganini bildirdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Oliy Majlis deputati Gulbahor Saidg‘aniyeva buyuk ajdodlardan meros bo‘lib qolgan tarixiy do‘stlik Nizomiy Ganjaviy va Alisher Navoiy, Muhammad Fuzuliy kabi tarixiy shaxslar timsolida qadimiy ildizlarga ega ekani va bugun yangi o‘zanda taraqqiy etayotgani haqida gapirdi.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Xalqaro munosabatlar va xorijiy davlatlar bilan do‘stona munosabatlar qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Azamat Toshov muzeyda O‘zbekistonning mashhur ozarbayjonlari haqida maxsus bo‘lim yaratilganini yuqori baholadi.
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori Gulchehra Rixsiyeva, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja, O‘zbekiston davlat tarix muzeyi direktori Jannat Ismoilova ham do‘stlik muzeyi madaniy-adabiy aloqalar, mushtarak qadriyatlarni namoyish eta olganiga e’tibor qaratishdi.
Muzeyning markaziy qismida ikki xalqni birlashtirgan qadriyatlarga doir Ozarbayjon rassomlari chizgan suratlar, shuningdek, Navro‘z, mug‘om hamda maqom san’ati, oshiq va baxshichilik san’ati, har ikki o‘lkada o‘tkaziladigan xalqaro musiqa festivallarining stendlari, liboslar, milliy cholg‘ular va boshqa ko‘plab eksponatlar namoyish etilgan.
“O‘zbekistondagi taniqli ozarbayjonlar” bo‘limida mamlakat ijtimoiy, madaniy hayotida faol ishtirok etgan Sayyid Rizo Alizoda, shoirlar Maqsud Shayxzoda, Ixtiyor Rizo, davlat arbobi Oydin Azimbekov, haykaltarosh Eynulla Aliyev, rassom Yusuf Huseynovning byustlari, ularning asarlari va shaxsiy buyumlari jamlangan.