Toshkentda 31 dekabr – Dunyo ozarbayjonlari birdamligi kuni nishonlandi. Mazkur sana munosabati bilan Ozarbayjonning O‘zbekistondagi elchixonasi hamda Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi kontsert tashkil etdi.
Tadbirda so‘z olgan ushbu mamlakatning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Guseyn Kuliyev 31 dekabr sanasi muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
“So‘g‘diyona” o‘zbek milliy cholg‘ulari kamer orkestri Uzayr Hojibekov, Fikrat Amirov, Kara Karayev, Tofiq Quliyev kabi atoqli ozarbayjon kompozitorlari ijodidan namunalari ijro etdi.
Tadbirda xorijiy davlat elchilari, diplomatlar, ozarbayjonliklar, o‘zbekistonlik madaniyat, san’at namoyandalari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
31 dekabr jahonning turli nuqtalarida yashayotgan ozarbayjon millatiga mansub aholi tomonidan bayram qilinadi. Mazkur sana 1991 yil 16 dekabrda o‘sha davrda Naxichevon Avtonom Respublikasi Oliy Majlisi raisi sifatida faoliyat yuritgan, millat yetakchisi Haydar Aliyev tomonidan Dunyo ozarbayjonlari birdamligi kuni deya e’lon qilingan.
Gap shundaki, 1989 yil 31 dekabr kuni Naxichevon Avtonom Respublikasi hududida yashovchi ozarbayjon millatiga mansub minglab kishilar Sovet-Eron chegarasini buzib, Araks daryosidan qo‘shni davlatga o‘tgan. Shu tariqa ular uzoq yillik ayriliqdan keyin Eronda yashayotgan millatdoshlari bilan uchrashgan. Ayni shu kuni Turkiyaning Istanbul shahrida ilk bor Dunyo ozarbayjonlari kongressi tashkil etilgan. Mazkur ikki tarixiy voqea 31 dekabr sanasini birdamlik kuni sifatida e’lon qilishga turtki bo‘lgan.
Mazkur sana ozarbayjon millatining davlatchiligi, ko‘p asrlik tarixi, madaniyati, tili hamda qadriyatlariga hurmat o‘laroq bayram qilinadi.
Ma’lumotlarga qaraganda, dunyo bo‘yicha ozarbayjon millatiga mansub bir necha o‘n million aholi istiqomat qiladi. Ularning asosiy qismi Ozarbayjon Respublikasida, shuningdek, Rossiya, Eron, Turkiya, Germaniya, Frantsiya, Buyuk Britaniya, AQSh hamda MDH mamlakatlarida yashaydi.
Sobir Salim