Bugun, 9 noyabr kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida olmon tili o‘qituvchilarining XVI anjumani boshlandi. An’anaviy tadbir Xorijdagi maktablar markaziy ofisi (ZfA), Germaniya akademik almashinuv xizmati (DAAD) va Germaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Gyote instituti matbuot xizmati xabariga ko‘ra, olmon tili o‘qituvchilari anjumani davomida Germaniyadan kelgan mutaxassislar ishtirokida ma’ruzalar va qiziqarli interaktiv mahorat darslari o‘tkaziladi.
Ikki kun davomida pedagoglar o‘z bilimlarini yangilash va kengaytirish, xorijiy tillarni o‘qitishning zamonaviy uslublarini yaqindan o‘rganish, o‘zaro tajriba almashish, yirik olmon nashriyotlarining yangi darslik va o‘quv qo‘llanmalari bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Anjumanda olingan ma’lumotlar va yangi g‘oyalar olmon tili o‘qituvchilariga yanada saviyali va samarali dars berishda asqotadi.
Tahlillarga qaraganda, keyingi yillarda O‘zbekistonda olmon tilini o‘rganishga qiziqish ortib bormoqda. Mamlakatimizda 300 mingdan ortiq maktab o‘quvchilari, 19 ming nafar talaba mazkur tilni o‘rganmoqda. 24 ta maktabda olmon tili chuqurlashtirilgan tarzda o‘rgatilyapti. Ulardan 6 tasi, ya’ni Toshkent, Samarqand, Marg‘ilon, Farg‘ona, Andijon va Buxoro shaharlaridagi maktablar olmon tili diplomini (DSD) berish huquqiga ega. Hozirda ushbu xorijiy tilni bog‘cha, maktab va universitet bosqichlarida, uzluksiz ravishda o‘qitishga e’tibor qaratilmoqda.
Mavzuga doir maqolalar:
O‘zbekistonlik yosh bilimdonlarga olmon tili diplomi topshirildi. 22.05.2023
Olmon tili bo‘yicha milliy olimpiada g‘oliblari Hamburgga boradi. 13.04.2022