Toshkentdagi Fotosuratlar uyida “Jazoirning qadimiy va zamonaviy arxitekturasi” deb nomlangan fotoko‘rgazma ochildi. Ushbu madaniy loyiha Jazoir xalq demokratik respublikasi mustaqilligining 60 yilligi hamda O‘zbekiston va Jazoir o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi doirasida amalga oshirildi.
Ko‘rgazmaning ochilish marosimida O‘zbekiston davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, diplomatik korpus namoyandalari, madaniyat, san’at arboblari hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.
Jazoirning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Nosir Busherit o‘z qutlov so‘zida bu kabi tadbirlar ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy robitalarni yanada mustahkamlash, xalqlar o‘rtasidagi anglashuvni kuchaytirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
19 iyunga qadar davom etadigan ko‘rgazmada Jazoirning turli tarixiy davrlar (Rim-Vizantiya, mustamlakachilik va Usmoniylar) hamda zamonaviy me’morchiligiga doir obida, bino va inshootlarning suratlari namoyish etilmoqda. Fotosuratlar Jazoirning nafaqat me’morchiligi, balki ushbu xalqning tafakkur tarzi, mentaliteti hamda dunyoqarashi haqida ham tasavvur uyg‘otadi.
Avval xabar berganimizdek, joriy yil 17 may kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida “Siz Jazoirni bilasizmi?” tanlovining taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tgandi. Mazkur tadbir ham Jazoir mustaqilligining 60 yilligi hamda ikki davlat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi doirasida tashkil etilgandi. Tadbir doirasida Jazoir elchisi Nosir Busherit qalamiga mansub “Jazoirlik bolaning achchiq qismati” deb nomlangan kitob taqdimoti ham bo‘lib o‘tgan.