Joriy yil 22 dekabr kuni O‘zbekiston davlat konservatoriyasida toshkentlik iqtidorli sozanda Artyom Pak ishtirokida fortepiano musiqa kontserti bo‘lib o‘tadi. Madaniy tadbir AQShning Toshkentdagi elchixonasi ko‘magida uyushtirilmoqda. Musiqiy kecha davomida O‘zbekistonda ilk bor Frederik Rjevskiyning “Birlashgan millat yengilmas” kompozitsiyasi ijro etiladi. Mazkur kompozitsiya zamonaviy amerikancha fortepiano musiqasining eng yaxshi namunalaridan biri deya e’tirof etilgan.
Yosh sozanda Artyom Pak, shuningdek, Frants Shubert, Klod Debyussi singari mumtoz kompozitorlar asarlarini ham ijro etadi.
AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, kontsertga kirish bepul, ammo taklifnoma talab etiladi. Taklifnoma olish uchun elchixona elektron manziliga ([email protected]) xabar yo‘llash lozim.
Toshkentdagi Uspenskiy nomli musiqa akademik litseyi bitiruvchisi Artyom Pak qator respublika va xalqaro miqyosdagi tanlovlar g‘olibi bo‘lgan. Jumladan, sozanda 10 yoshida “Щelkunchik” yosh ijrochilar xalqaro tanlovida g‘olib chiqqan. 13 yoshida esa Chexiyada o‘tgan “Virtuosi per musica di pianoforte” XLII xalqaro pianinochilar tanlovida birinchi o‘rinni olgan. Artyom Pak Rossiya, Chexiya, Armaniston, Frantsiya, Shveytsariya, AQSh va boshqa ko‘plab mamlakatlarda o‘z mahoratini namoyish etgan.