Toshkent shahrida Hi-Tech uslubida qayta bunyod etilgan “Tepa” jome’ masjidi ochildi, deb xabar berdi O‘zbekiston musulmonlari idorasi. Masjiddagi ilk juma namozida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla Xoliqnanazar qatnashgan.
“Tepa” masjidining eski binosi 1992 yilda bunyod etilgan bo‘lib, yillar davomida bir necha bor ta’mirlangan. 2021 yilga kelib, uni to‘liq qayta qurish boshlangan. Ikki yil mobaynida masjid zamonaviy Hi-Tech uslubida bunyod etilgan. Masjid xonaqohi ortiqcha bezaklarsiz, kishi e’tiborini tortmaydigan darajada, ko‘rkam qilib ta’mirlangan.
2000 dan ortiq namozxonni sig‘dira oladigan masjidda asosiy xonaqoh, tahoratxona, kutubxona, ma’muriyat va boshqa texnik xonalar mavjud.
Qayd etilishicha, quyosh panellari o‘rnatilgan masjid ortiqcha sarf-xarajatsiz energiya manbaiga ega bo‘lmoqda.
Foto: “Muslim.uz”