Toshkentda ham “Turk oshxonasi haftaligi” doirasida tadbir o‘tkazildi

21-27 may kunlari dunyo bo‘ylab “Turk oshxonasi haftaligi” o‘tkazildi. 27 may kuni mazkur haftalik doirasida Turkiyaning Toshkentdagi elchixonasida ham tadbir tashkil etildi.

Turkiyaning yurtimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Olgan Bekar turk pazandaligi asrlar davomida turli tamaddunlarning ilg‘or usullarini uyg‘unlashtirgan holda shakllangani haqida so‘zlab berdi.

“Onado‘lining bir necha ming yillik boy tarixi davomida shakllangan turk pazandaligi mazali, kreativ va salomatlik uchun foydali ekani bilan ajralib turadi. Ushbu an’analarning shakllanishida 600 yil hukm surgan Usmoniylar davlatining o‘rni katta. Turli tamaddunlardan oziqlangan an’analar hozirgacha yashab kelmoqda”, – dedi elchi Olgan Bekar.

Diplomat turk va o‘zbek qardoshligiga to‘xtalib, milliy pazandalik qadriyatlari ham bu borada muhim o‘rin tutishini urg‘uladi.

“O‘zbekistonda turk restoranlariga talab va ehtiyoj oshib borayotganidan mamnunmiz. Turk va o‘zbek xalqi tili, madaniyati, dini va an’analari mushtarak bo‘lgan qardosh xalqlardir. Pazandalik an’analari ham ikki xalq madaniyatini o‘zaro to‘ldiruvchi jihatlar sanaladi”, –  dedi elchi.

Tadbir doirasida turk milliy pazandaligi an’analari amaliy misollar bilan ko‘rsatib berildi.

“Turk oshxonasi haftaligi” mamlakatning oshpazlik merosini dunyo ahliga kengroq tanitish maqsadida Turkiya prezidenti devoni shafeligida, Madaniyat va turizm vazirligi ko‘magida tashkil etildi.

Haftalik prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘onning rafiqasi Emine Erdo‘g‘on hamda Madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy ishtirokidagi Balikesir gastronomiya festivalidan boshlandi. Haftalik davomida Emine Erdo‘g‘on boshchiligida tayyorlangan, turk pazandaligining ko‘p asrlik an’analaridan hikoya qiluvchi maxsus to‘plam ham taqdim etildi.

Haftalik doirasida Turkiya oshpazlik merosiga bag‘ishlangan turkishcuisinweek.com onlayn qo‘llanmasi ham ishga tushirildi. Onlayn qo‘llanma original retseptlar, turli mukofotlarga sazovor bo‘lgan mohir oshpazlarning taom tayyorlashi aks etgan videolavhalar, soha mutaxassislarining qimmatli ilmiy tavsiyalarini o‘z ichiga oladi.

Turk pazandaligi turli iqlimlarda yashovchi, turfa xil ta’b sohiblariga birdek ma’qul keluvchi taomlarga ega. Mamlakatning betakror iqlimi, boy flora va faunasi pazandalik an’analarining shakllanishida muhim rol o‘ynagan. Serhosil va unumdor yerlarda, sifatli urug‘lardan yetishtirilgan mahalliy mahsulotlar, anvoyi sabzavot va mevalardan tayyorlangan taomlar asrlar sinovidan o‘tgani bilan qadrlidir.