TİKA Prezidenti: “Biz hamisha o‘zbek qardoshlarimiz yonidamiz”

Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TİKA) Prezidenti, doktor Serdar Cham boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonda mehmon bo‘lib, bir qator davlat tashkilotlarida uchrashuvlar o‘tkazdi.

19 dekabr kuni turkiyalik yuqori martabali mehmon O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilindi.

Prezident matbuot xizmatiga ko‘ra, davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, joriy yil 25-26 oktyabr kunlari Turkiyaga amalga oshirilgan davlat tashrifi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni strategik hamkorlik darajasiga olib chiqqanini mamnuniyat bilan ta’kidladi.

O‘z navbatida, doktor Serdar Cham Prezident Shavkat Mirziyoyevga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi va Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on hamda Bosh vazir Binali Yildirimning ezgu tilaklarini yetkazdi.

Serdar Cham davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan taklif va tashabbuslarni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini, bu yo‘lda bor kuch-g‘ayratini safarbar etgan holda, ularni hayotga o‘z vaqtida va samarali tatbiq etishga Turkiya tomoni tayyor ekanini bildirdi.

Uchrashuvda TİKAning mamlakatimizdagi faoliyatini yanada kengaytirish va yangi bosqichga olib chiqish muhimligi qayd etildi.

Xususan, iqtisodiy, madaniy, ta’lim, sog‘liqni saqlash, atrof-muhitni muhofaza qilish, turizm va ijtimoiy ahamiyatga molik boshqa qator sohalarda amalga oshirilayotgan loyiha va dasturlar hajmini bir necha barobar ko‘paytirish bo‘yicha kelishib olindi.

TİKA Prezidenti Serdar Cham va O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov 

TİKA Prezidenti, shuningdek, O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov, Tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri Jamshid Xo‘jayev, Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov, Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Aktam Haitov, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi Azim Ahmadxo‘jayev bilan uchrashib, mazkur sohalardagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.

Doktor Serdar Cham, muzokaralarda, O‘zbekistonni “ota yurt”, “ikkinchi uyim” deb atab, butun Turkiya xalqi, jumladan, o‘zi qardosh va birodar o‘zbek xalqiga ayricha hurmat tuyishini ta’kidladi. Boy tarixga ega, dunyo tamadduniga ulkan hissa qo‘shgan bu o‘lka bilan aloqalarni yanada mustahkamlash muhimligiga urg‘u berdi.

“Biz hamisha Sizlarning yoningizdamiz. Bor imkoniyatu salohiyatimizni Sizlar bilan baham ko‘rishdan boshimiz osmonga yetadi”, – dedi  TİKA Prezidenti.

Turkiyalik yuqori martabali mehmon O‘zbekistonda so‘nggi paytlarda amalga oshirilayotgan  turli sohalardagi islohot va yangilanishlarni ijobiy baholab, iqtisodiy, demografik va intellektual salohiyati oshib borayotgan O‘zbekiston kelgusida bundan-da katta yutuqlariga erishishiga ishonch bildirdi.

Turkiya Bosh vaziri devoni huzuridagi Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi 1992 yilda tashkil etilgan. TİKA Turkiyaning xalqaro maydondagi o‘ziga xos timsoli sifatida dunyo  hamjamiyati hurmatini qozongan.

Agentlik Turkiya bayrog‘i ostida sayyoramizning 140ga yaqin mamlakatida har yili o‘rtacha 2000 ta loyihani amalga oshiradi. Agentlik Mo‘g‘ulistondan Kosovoga qadar, Senegaldan Afg‘onistonga qadar, Ukrainadan Madagaskarga qadar – Yevropa, Osiyo va Afrika qit’alarida hamkorlik va texnikaviy yordam faoliyatini amalga oshirib, millionlab insonlar koriga yaramoqda.

TİKAning Toshkentdagi vakolatxonasi O‘zbekiston va Turkiya hukumatlari o‘rtasida imzolangan hamkorlik shartnomasi doirasida 1994 yil 20 mayda ochilgan. Vakolatxona iqtisodiy, texnikaviy, ijtimoiy va madaniy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan loyiha va dasturlarga ko‘mak berib kelmoqda. Ma’lumotlarga qaraganda, TİKA o‘tgan yillar mobaynida O‘zbekistonda 23,6 million dollar miqdoridagi 700ga yaqin loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirdi.

C.Calim

Shu mavzudagi maqola:

TIKA rahbari Serdar Cham O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vaziri bilan uchrashdi. 07.04.2016