Shusha shahridagi bir qator me’moriy obidalar xavf ostida

Tarixan Ozarbayjon yeri sanalgan Shusha shahridagi bir qator me’moriy obidalar qarovsiz qolmoqda. Bu haqda Amerikadagi Montana universiteti professori Tomas Golts Trend agentligiga ma’lum qiladi.

Qayd etilishicha, Qorabog‘ davlat tarix muzeyi, Shusha davlat drama teatri, Gavhar Og‘a masjidi va boshqa bir qator obidalar taqdiri xavf ostida.

Eslatib o‘tamiz, 8 may kuni Shusha shahrining Armaniston qurolli kuchlari tomonidan egallanganiga 24 yil to‘ldi. Mazkur shahar asrlar davomida Ozarbayjonning madaniyat o‘choqlaridan biri bo‘lib kelgan. Qorabog‘ xonligi poytaxti bo‘lgan shaharda yuz yilliklar mobaynida ulug‘ san’atkorlar, shoir va musavvirlar yashab kelgan. Masalan, Ozarbayjon mumtoz musiqasi otasi, musulmon olamidagi ilk opera muallifi Uzayr Hojibekov ham shu shaharda tavallud topgan. Shusha Ozarbayjon mug‘omi vatani hamdir.

Boku va Yerevan o‘rtasidagi harbiy ixtiloflar payti 1992 yil 8 may kuni Shusha Armaniston qurolli kuchlari tomonidan bosib olingan.

“Shusha okkupatsiyasi payti 480 nafar tinch aholi vakili o‘ldirilgan, 600 dan oshig‘i jarohatlangan, 22 mingdan ziyod aholi kindik qoni to‘kilgan vatanida qochqinga aylangan. Bundan tashqari, 68 kishi, jumladan, ayollar va bolalar asir olingan. 6800 xo‘jalik, 44 maktab, 279 madaniy obida, jumladan, bir qancha masjid va uy-muzeylar vayron qilingan”, – deydi professor Tomas Golts.

1988 yili Tog‘li Qorabog‘ Ozarbayjon tarkibidan chiqish haqida bayonot bergach, bir necha yil davomida harbiy to‘qnashuvlar davom etgan. 1994 yil may oyida tomonlar o‘t ochishni to‘xtash borasida kelishuvga erishgan. Ikki davlat o‘shandan buyon YeXHTning Minsk guruhi va Rossiya, Frantsiya, Germaniya hamda AQSh ishtirokida muammo yechimi borasida muzokaralar yuritib kelmoqda.

Rasmiy Boku Tog‘li Qorabog‘ va unga tutash 7 ta tuman (Ozarbayjon hududining 20 foizi) Armaniston qurolli kuchlari tomonidan bosib olingan deb hisoblaydi hamda qo‘shni davlat harbiylari okkupatsiya qilingan hududdan chiqishi lozimligini talab qiladi. Armaniston esa tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi manfaatlarini himoya qilib keladi.

Garchi 1994 yilda kelishuv imzolangan bo‘lsa-da, to‘qnashuvlar ro‘y berib turadi. Tahlilchilar tinchlik kelishuvi juda mo‘rt ekani va istalgan payt to‘qnashuv ro‘y berishi mumkinligidan xavotir bildiradi.

Ozarbayjon Tog‘li Qorabog‘ o‘z hududi ekanini ta’kidlab keladi. Rasmiy Bokuga ko‘ra, Tog‘li Qorabog‘ muammosi BMT Xavfsizlik Kengashi 1993 yil 30 aprel, 1993 yil 29 iyul va 1993 yil 14 oktyabrda qabul qilgan rezolyutsiyalar asosida tinch yo‘l bilan hal qilinishi lozim.