Filologiya fanlari nomzodi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoira Tursunoy Sodiqova vafot etdi.
Tursunoy Sodiqova 1944 yil 24 martda Andijon shahrida xizmatchi oilasida dunyoga kelgan. U ikki yoshligida oilasi Toshkent shahrida yashay boshlagan. 1961 yilda hozirgi Shayxontahur tumanidagi 82-o‘rta maktabning o‘ninchi sinfini tugatgan. 1966 yilda esa Milliy Universitetning (u paytdagi ToshDU) filologiya fakultetini imtiyozli tamomlagan. Dastlabki mehnat faoliyatini Andijon shahrining maktablarida boshlagan, shahar yoshlar qo‘mitasida bir necha yil maktablar bo‘limini boshqargan, ammo o‘qituvchilikni mehr qo‘ygan asosiy kasbi deb bilgan. Yetmishinchi yillarning boshidan boshlab respublika matbuotida uning maorif va tarbiya muammolari mavzusidagi maqolalari chop etila boshladi. Shu yillari Respublika Xalq ta’limi vazirligining qator Faxriy Yorliqlari bilan taqdirlandi.
1979 yildan boshlab Andijon Tillar pedagogika institutida katta o‘qituvchi sifatida faoliyat ko‘rsatdi. Uning ma’naviy tarbiyaga bag‘ishlangan «Andisha», «Mehrigiyo», «Baxt nima» kabi risolalari shu yillari chop etildi. Xuddi shu yillari Tursunoy Sodiqova «Erkin Vohidov she’riyatida an’ana va novatorlik» mavzusida ilmiy izlanishlar olib bordi va uning natijasi o‘laroq «O‘zbek she’riyatida an’ana va novatorlik» va «El ustozim» kabi kitoblari dunyoga keldi. Oliy maktabdagi xizmatlari uchun 1986 yilda «Shavkatli mehnati uchun» medali bilan mukofotlandi.
U 1991 yili viloyat ayollar qo‘mitasining raisi etib saylandi va shu yillari jamoatchilik asosida viloyat Bolalar fondi raisligini ham birga olib bordi. U «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi» unvoni bilan taqdirlandi.
Shoira 1996 yildan boshlab Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazida bo‘lim mudiri sifatida ish boshladi. Tursunoy Sodiqova ma’naviyat sohasidagi xizmatlari uchun 1998 yili «Shuhrat» medali bilan mukofotlandi.
Uning axloq-odob masalalariga, oila muomalalariga bag‘ishlangan ilmiy, badiiy-falsafiy asarlari: «Mehr qolur» (1997), «Hazrati ayol» (1998), «Yoningdagi baxt» (1999), «Bolam derman» (2000), «O‘g‘lim senga aytaman va qizlarga atalgan so‘zlar» (2002), «Kelin bo‘lish ilmi» (2003), «Kuyov bo‘lish ilmi» (2003), «Qaynonalik ilmi» (2003), «Og‘a-inilik ilmi» (2003), «Rizolik izlab» (2004), «Yashash tilsimi» (2004), «Murabbiy kim?» (2006), «Nozik savol» (2007), «Jannatim onam» (2007), «Ayolga qasida» (2013).
Shoiraning 1976—1995 yillar oralig‘ida «Kuy», «Gul fasli», «Atirgul isi», «Dil gavhari», «Iqbol», «Izlay-izlay topganim», «Girya» nomli she’riy to‘plamlari chop etildi.