«Hilol-Nashr» nashriyotida «Faqih imomlar ixtilofida hadisi sharifning o‘rni» va «Javome’ul kalim» nomli yangi kitoblar taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unda suriyalik mashhur muhaddis alloma shayx Muhammad Avvoma, uning o‘g‘li doktor Muhyiddin Muhammad Avvoma, respublikamizning taniqli ulamolari, shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahullohning shogirdlari, kitobsevar muxlislar ishtirok etishdi.
Taqdimoti o‘tkazilgan birinchi kitob shayx Muhammad Avvoma hafizahullohning Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh tarjimasidagi «Faqih imomlar ixtilofida hadisi sharifning o‘rni» nomli kitobi hadis ilmiga doir bo‘lib, unda xususan, hadisi sharif qachon amal uchun yaroqli bo‘ladi, hadisi sharifni tushunishdagi ixtiloflar, imomlarning zohiri bir-biriga qarama-qarshi bo‘lgan sunnatga nisbatan tutgan yo‘llarining turli-tumanligi, sunnatni bilishda darajalarining turliligidan kelib chiqadigan ixtilof kabi masalalarda so‘z yuritilgan.
Shayx Muhammad Avvoma hafizahulloh bu kitobni 42 yil avval yozgani, 4 nafar ustozlari ko‘rigidan o‘tkazgani, kitobga davrning bahsli muammolari yechimini kiritganini ta’kidladi. Shayx hazratlari salaf ulamolar hayotidan misollar aytib, tolibi ilmlarga kitob ta’lif etish odoblarini gapirib, nasihat qildi.
Kitobxonlar e’tiboriga havola qilingan ikkinchi kitob doktor Muhyiddin Muhammad Avvoma qalamiga mansub «Javome’ul kalim» kitobi bo‘lib, o‘zbek tiliga Ismoil Muhammad Yusuf tomonidan tarjima qilingan. Muallif risolada sahih va hasan hadislarni to‘plagan bo‘lib, ularning hajmi kichik, iboralari yengil, yodlash uchun osondir. Ibodat, muomalot, axloq-odob, tarbiya va boshqa mavzularga oid ushbu hadislar Islomning madori bo‘lgan hadislar jumlasidandir. Aslida «javome’ul kalim» Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning go‘zal fazilatlaridan biri bo‘lib, qisqa, lo‘nda so‘zlar bilan olam-olam ma’nolarni ifodalash qobiliyatidir. Kitobdagi hadislar ham qisqa bo‘lishiga qaramay ana shunday keng ma’nolarni ifodalagani uchun unga shunday nom berilgan.
Shayx Muhammad Avvoma 1940 yilda Suriyaning Halab shahrida tavallud topgan. 1953 yildan shayx Muhammad Salqiniyning darslarida ishtirok eta boshlagan. Ayni paytda shayx Abdulloh Sirojuddindan, 1958 yilda shayx Abdulfattoh Abu G‘uddadan ham dars ola boshlagan.
1962 yili universitetning shariat fakultetiga o‘qishga kirgan. Shu yildan 1980 yilgacha Shabaniya madrasasida, shuningdek, Ravza universitetida dars bergan. 1959 yildan Misrda ikki buyuk olim – marokashlik aka-uka Ahmad va Abdulloh G‘umariylardan, shayx Abdulvahhob Abdullatifdan hamda shayx Muhammad Abu Zahradan ilm olgan.
Shayx Muhammad Avvoma 1980 yilda Madinai Munavvaraga ko‘chib o‘tib, Madina Islom universitetida dars berdi, universitet qoshida Akademik tadqiqotlar markaziga asos soldi. Shayx ushbu markazda «Ithoful mahora» kitobini tahqiq qilishni boshladi. Keyinchalik bu markaz «Siyrat va sunnatga xizmat qilish markazi» degan nom ostida tanildi. Shuningdek, shayx Avvoma 1986 yili Dorul Qibla bilan hamkorlikda markaz qoshida yana bir muassasa – Islom merosining o‘rganish bo‘limini tashkil qildi.
Shayx Avvoma barakali ijod qildi, ko‘plab kitoblar yozdi, qator mashhur asarlarni tahqiq qildi. Jumladan, olimning «Asarul-hadisish-sharif fiy ixtilafil-aimmatul-fuqaho», «Adabul ixtilaf fiy masailil-ilmi vad-diyn» asarlari mashhur bo‘ldi. Shayx Avvoma o‘zi tug‘ilib-o‘sgan Halab shahrida islomiy ta’limni tiklash yo‘lida ko‘p xizmatlar qildi.
Yirik olim, shayx Muhammad Said Tantoviy shayx Avvoma haqlarida shunday deydi: «Tahqiqda undan kuchliroq biron odamni bilmayman».
Shayx Muhammad Avvoma quyidagi asarlarni ham tahqiq qilgan:
1. Umar ibn Abddulaziz Bag‘dodiyning “Musnad”i. Hadis roviylarini to‘liq zanjirini keltirib o‘tganlar va har bir roviyga qisqa ta’rif, izoh berib chiqqan.
2. Somoniyning “Al-Ansob” asari. Shayx ushbu asarning ma’lum qismini tahrir qilgan.
3. Hofiz Ibn Hojarning Alloma Abdulloh Basriy va uning shogirdi Mayrg‘aniy sharhi bilan qilingan “Taqriybut Tahziyb” asari.
4. Zahabiyning “Koshif”lari. Shayx ushbu asarga katta hajmli kirish qismi yozgan.
5. “Majolis ibn Nosiruddin Dimashqiy min sihoh ahodiysil qudsiya” asari. 100ta hadisi qudsiy va ularga qisqa sharhlar to‘plami.
6. «Muxtasar min Faroizin-nuqul val axbar». Ilm olish talabidagilarga ibratli hikoya va rivoyatlar to‘plami.
7. Sahoviyning “Qovlul Badi’ fis solatil habiybish shaafiy” asari.
8. Abu Dovudning «Sunan»i. Ustoz Avvoma ushbu asarni tahqiq qilganlar va Ibn Hojarning nusxasini ushbu asarni boshqa yettita qulyozma bilan taqqoslagan.
9. Imom Termiziyning “Shamoili Muhammadiya” asari Bajuriyning sharhi bilan.
10. Ibn Abu Shaybaning “Musannaf”i. Olim ushbu asarning tahqiq qilgan, bir nechta boshqa nusxalar bilan qiyoslagan va roviylar silsilasini keltirib chiqqan. Ushbu asar ustida 16 yil izlanish olib borib, 28 tomdan iborat ko‘rinishda chop ettirgan.
11. Shuningdek, shayx “Nasbur royya” asaridagi hadislarni boshqa bir nechta qo‘lyozmasi bilan qiyosiy o‘rganib, ushbu nusxalardagi 1000dan ortiq bosmadagi xatoliklarni topib to‘g‘rilagan.