O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12 noyabr kuni Istanbulda Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on bilan uchrashdi. Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining sakkizinchi sammiti doirasida tashkil etilgan uchrashuv Turkiya uchun tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan Demokratiya va ozodlik orolida bo‘lib o‘tdi.
Turkiya ommaviy axborot vositalari xabariga ko‘ra, uchrashuvda Sh.Mirziyoyev R.T.Erdo‘g‘onga “Daha Adil Dünya Mümkün” (“Dunyo yanada adolat bo‘lishi mumkin”) kitobining o‘zbek tilida chop etilgan nashrini sovg‘a qilgan.
Turkiya Prezidenti qalamiga mansub mazkur asarda dunyo bo‘ylab kuzatilayotgan adolatsizlik, migratsiya inqirozi, xalqaro terrorizm, islomofobiya, siyosiy munofiqlik kabi illatlar xususida so‘z yuritiladi. Muallif dunyoda adolatli qaror toptirish uchun ayni paytda amalda bo‘lgan xalqaro tuzilmalar, jumladan, BMTni isloh etishni taklif etadi.
Turk tilida yozilgan hamda ingliz, arab, olmon, frantsuz, rus va ispan tillariga tarjima qilingan kitob sotuvidan tushgan mablag‘ Turkiya hukumati huzuridagi favqulodda vaziyatlarga qarshi kurashish boshqarmasiga (AFAD) o‘tkazilishi ma’lum qilingan.
O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmatiga ko‘ra, uchrashuvda Sh.Mirziyoyev Turkiya yetakchisini Turkiy davlatlar tashkilotining tarixiy sammiti muvaffaqiyatli o‘tkazilgani va ushbu nufuzli mintaqaviy tuzilmaga raislikni qabul qilib olgani bilan yana bir bor tabrikladi.
Prezidentlar O‘zbekiston–Turkiya strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalarini ko‘rib chiqdilar, mintaqa kun tartibidagi masalalar yuzasidan fikr almashdilar.
Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikdagi bugungi yuqori sur’atlarni saqlab qolish, tovar ayirboshlashni ko‘paytirish, ikki mamlakat yetakchi korxona, kompaniya va banklari kooperatsiyasini kuchaytirish muhim ekani ta’kidlandi.
Gumanitar aloqalar faollashgani, O‘zbekiston va Turkiyada madaniy tadbirlar muntazam o‘tkazilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.