“Henhouse Prowlers” blyugrass guruhi Samarqandda o‘tadigan bu yilgi “Sharq taronalari” musiqa festivalida AQShni tamsil etadi. Bu haqda AQShning Toshkentdagi elchixonasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ushbu ijodiy guruh faqat xalqaro festivalda qatnashib qolmay, Toshkentda mahorat mashg‘uloti va kontsert o‘tkazadi. Xususan, 23 avgust kunduz soat 1:30 da Tamaraxonim muzeyida mahalliy musiqachi va talabalar bilan mashg‘ulot uyushtiriladi. 31 avgust soat 20:00 da esa “Anhor Lokomotiv” ko‘ngilochar parkida kontsert namoyish etiladi. Ma’rifiy tadbir keng jamoatchilik uchun ochiq va bepuldir.
“Henhouse Prowlers” AQSh Davlat departamenti shafeligida dunyoning 25 dan ortiq mamlakatida har yili 175 ta kontsert bergan jahongashta musiqachilar jamoasidir. Kvartet Chikagoda yashab ijod etuvchi Kristofer Dollar, Jonatan Goldfayn, Kayl O’Brayen va Benjamin Raytdan tashkil topgan.
San’atkorlar asosan an’anaviy amerikacha blyugrass musiqasi yo‘nalishida ijod qiladi. Guruh “Live from Kyrgyzstan” (Bishkekda yozilgan) va “Separation Man” nomli ikkita musiqiy albom chiqargan.