Sharlotta Adrian: “EI fuqarolik jamiyatiga o‘z vazifasini bajarishida ko‘maklashadi”

10 mart kuni Toshkentda Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo an’anaviy fuqarolik jamiyati forumi bo‘lib o‘tdi. Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi fuqarolik jamiyati vakillari ishtirokidagi anjumanda YeIning mintaqa bo‘yicha strategiyasini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Bu haqda YeI delegatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.

Tadbirni YeIning Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Teri Hakala, O‘zbekiston adliya vaziri o‘rinbosari Alisher Karimov va YeIning O‘zbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian ochib berdi.

“Evropa Ittifoqi fuqarolik jamiyati tashkilotlari o‘z vazifalarini bajarishlari uchun qulay muhit yaratish va fuqarolik jamiyati tashkilotlarining siyosatni ishlab chiqishda mustaqil o‘yinchilar sifatida mazmunli va tizimli rolini ilgari surishda davom etadi”, – dedi elchi Sh.Adrian kirish so‘zida.

Fuqarolik jamiyatining 4-forumida 2022 yil 18 noyabrda Samarqandda bo‘lib o‘tgan xalqaro anjuman yakunlari asosida YeIning “Global darvoza” strategiyasini to‘ldirish yo‘llari muhokama qilindi.

Xususan, fuqarolik jamiyati o‘zaro bog‘liqlik kun tartibini ishlab chiqish va amalga oshirishga qanday hissa qo‘shishi mumkinligi, ayollar, gender tengligi va yoshlar masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

EI Markaziy Osiyo bilan faol hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Siyosat, iqtisodiyot, xavfsizlik, atrof-muhit, suv resurslari va iqlim o‘zgarishi kabi sohalarda mintaqaviy loyihalar amalga oshirilmoqda. Ta’kidlanishicha, ikki mintaqa manfaatiga xizmat qiladigan muhim tashabbus va loyihalar davom ettiriladi.

EI elchisi Sharlotta Adrian ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida biznes, ta’lim, atrof-muhit muhofazasi, energetika, inson huquqlari kabi murakkab mavzularda ochiq muhokama imkonini yaratgani uchun O‘zbekiston tomoniga minnatdorlik bildirgan va anjumanni foydali deb baholagan.

Mavzuga doir maqolalar:

O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi kengaytirilgan bitimni imzolash uchun chora-tadbirlar ko‘rishga tayyor. 09.03.2023

Sharlotta Adrian: “Evropa Ittifoqi bu yo‘lni O‘zbekiston bilan birga bosib o‘tdi”. 01.09.2022

O‘zbekiston–Evropa Ittifoqi: muhim bitim bo‘yicha muzokaralar muvaffaqiyatli yakunlandi. 07.07.2022