14 oktyabr kuni bir guruh ziyolilar, ijtimoiy tarmoq faollari 1938 yili otilgan millat fidoyilari, shahid bobolarimiz otilgan va dafn etilgan joylarni ziyorat qildilar. Tarixchi Anvar Nazir tashkil etgan ushbu ziyorat qatag‘on qurbonlari xoklari dafn etilgan Oqilota qabristonidan boshlandi. Bu yerda shahidlar haqiga Qur’oni karim tilovat qilinib, ular amalga oshirgan xayrli ishlar eslandi.
2000 yili ochilgan “Shahidlar xotirasi” maydoni yaqinida qatag‘on qurbonlari otilgan deb taxmin etiladigan eski Alvastiko‘prik o‘rni va yodgorlik majmuasi ko‘zdan kechirilib, xalqimizni hurlik va erkinlikka undagan, mustabid tuzum yillarida qatag‘onga uchragan minglab fidoyi vatandoshlarimiz xotirlandi. Shundan so‘ng poytaxtimizning “Chig‘atoy” qabristoniga ziyorat uyushtirildi.
1938 yilning 4 oktyabridan 15 oktyabriga qadar Toshkent shahrining hozirgi “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuasi atrofida ming nafardan ortiq yurtdoshlarimiz NKVD askarlari tomonidan otilgan. Keyinchalik inshootlar qurilishi munosabati bilan shahidlar suyak va xoklari majmua yaqinidagi Oqilota qabristoniga olib borib dafn etilgan. 1990 yillar boshida qabristonda shahidlar xotirasi uchun kichik yodgorlik-lavha o‘rnatilgan. Qabristonga dafn etilganlarning shaxsi ma’lum emas.
1937-1939 yillarda O‘zbekiston SSR Ichki ishlar xalq komissarligining “uchlik”lari tomonidan 41000 nafardan ko‘proq kishi qamalgan. Shulardan 37000 nafardan ko‘prog‘i sudlangan, 6920 kishi otib tashlangan.