Shayx Muhammad Sodiq rahimahullohning qayta nashr etilgan kitoblari taqdimoti bo‘lib o‘tdi

“Hilol-nashr” matbaasida Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh qalamiga mansub “Aqiydatut-tahoviya sharhining talxiysi” tarjimasi, “Hadis va hayot” silsilasining 19-juzi — “Olamlarga rahmat Payg‘ambar” va “Isrof” kitoblari qayta nashri taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unda Toshkent shahri va viloyatidagi masjid imomlari, tolibi ilmlar ishtirok etdi.

  Muhammad Anvar Badahshoniy ta’lif etgan “Aqiydatut-tahoviya sharhining talxiysi” kitobining Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh tarjimasi haqida Toshkent shahridagi “To‘xtaboy” jome’ masjidi imom-xatibi Isoqjon domla Begmatov batafsil ma’lumot berib, nashrning yurtimiz musulmonlari uchun foydalari beqiyos ekanligini ta’kidladi. Shayx hazratlarining ushbu tarjimasi  1996 yili amalga oshirilgan. Ushbu kitob hazratning “Sunniy aqiydalar”, “Hadis va hayot. Iymon kitobi” kitoblarining uzviy davomidir.

Payg‘ambarimiz Muhammad s.a.v. tavallud topgan rabiul-avval oyi arafasida Shayx hazratlarining siyrat borasidagi  “Olamlarga rahmat Payg‘ambar” kitobi ham qayta chop etildi. Ushbu nashr haqida Abdul Azim Ziyovuddin domla ma’lumot berib o‘tdi. Rasululloh s.a.v. siyratlarini bayon qiluvchi ushbu kitob 8 fasldan iborat bo‘lib, ul zotning hayotlari ishonchli hadislar asosida bayon qilingan.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning “Isrof” kitobida jamiyatimizdagi ijtimoiy illatlaridan biri bo‘lgan isrof haqidadir. Kitobni Toshkent shahridagi “Chimir ota” jome’ masjidi noib imomi Abdulbosit qori taqdim etdi. Ushbu risolada isrofning sabablari, zararlari, turlari haqida ma’lumot berilib, infoq-xarajat, suv, taom, ehson, nikoh to‘yi, marosimlar, kiyimdagi va turli maishiy isroflar haqida fikr yuritilgan.

Anjumanda, shuningdek, marhum yozuvchi Murod Mansurning “Hammaning yashagisi keladi” qissalar to‘plami, Toshkent shahridagi “Hazrati Ali” masjidi imom-xatibi Salohiddin domla Abdug‘affor o‘g‘lining “Olamlarga rahmat payg‘ambar”, “Ramazon va xotirjamlik” audioma’ruzalar diski ham taqdim etildi.

“Hilol-nashr” matbaasida chop etilayotgan diniy-ma’rifiy kitoblar Rossiya, Qozog‘iston davlatlariga ham eksport qilinmoqda. Matbaa ijodkorlari Shayx hazratlarining merosini boshqa mamlkatlarga ham yoyishda hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.