27 sentyabr kuni O‘zbekiston xalq shoiri shoir Rauf Parfi tavalludiga 80 yil to‘ldi. Shu munosabat bilan Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston milliy universiteti hamda Chirchiq davlat pedagogika universitetida shoir hayoti va ijodiga bag‘ishlangan ilmiy-adabiy, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi.
80 yillik sana munosabati bilan Rauf Parfining “Tanlangan asarlar”i chop etildi.
“O‘zbekiston xalq shoiri Rauf Parfi – zamonaviy o‘zbek she’riyatini yangi she’riy janrlar, poetik shakllar, badiiy obrazlar va mavzular bilan boyitgan shoir. “Tanlangan asarlar” shoirning hayotligida chop etilgan she’rlaridan tashqari, daftarlarida qolib ketgan ilk mashqlari, bugunga qadar e’tibordan chetda qolib kelayotgan nasriy asarlari, adabiy maqola va suhbatlari bilan boyitildi. Bu – Rauf Parfi ijodiy faoliyatini to‘laqonli tasavvur qilishimizga va shoir asarlarini atroflicha tadqiq etishimizga qo‘l kelishi shubhasiz”, – deyiladi Yozuvchilar uyushmasi xabarida.
Shaxs erki, vatan mustaqilligi va turk dunyosi birligini kuylagan Rauf Parfi (1943–2005) Hamid Olimjon va Mahmud Koshg‘ariy nomidagi milliy va xalqaro mukofotlar bilan taqdirlangan.