Toshkent shahridagi “Poytaxt” biznes markazida Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 25-yilligiga bag‘ishlangan “Qozog‘iston-O‘zbekiston munosabatlari: kecha, bugun va ertaga” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda ikki davlat diplomatik korpusi vakillari, jurnalistlar, ilm, madaniyat va san’at arboblari ishtirok etdi.
Tadbirda ikki tomonlama munosabatlarning tarixi, yil yakunlari va kelgusidagi rejalar muhokama qilindi. Qozog‘iston Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi Yerik Utembayev 2017 yilda ikki davlat o‘rtasida ham siyosiy, ham iqtisodiy sohada hamkorlik sezilarli darajada ortganini alohida ta’kidladi. Ikki qardosh davlat rahbarlarining o‘zaro tashrifi davomida har tomonlama foydali shartnomalar imzolandi. Qozog‘istonda 2018 yil “O‘zbekiston yili” deb belgilandi.
Elchining aytishicha, ikki tomonlama munosabatlar kelgusi yillarda ham davom etadi. Jumladan, 2018 yili Toshkent-Chimkent, Samarqand-Turkiston yo‘nalishlarida avtobus va marshrut xizmati yo‘lga qo‘yiladi. Yangi yilda Qozog‘istonning 16 viloyati hamda O‘zbekistonning 12 viloyati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahri rahbarlari Ostona shahrida uchsharadilar. Uchrashuvda regional hamkorlik bo‘yicha yangi shartnomalar imzolanishi kutilmoqda. Kelgusi yilda Orol dengizini qutqarish bo‘yicha ham xalqaro sammit o‘tkaziladi. Samarqand va Buxoroda Qozog‘iston Respublikasining konsulligi ochilishi ham rejalashtirilgan.
Air Astana kompaniyasining vakili ma’lum qilishicha, 2018 yili Almati-Toshkent, Ostona-Toshkent yo‘nalishlari bo‘yicha parvozlar soni oshiriladi, Almati-Samarqand, Almati-Buxoro yo‘nalishlari, shuningdek Farg‘ona vodiysi viloyatlariga yangi yo‘nalishlar ochiladi.
O‘zbeklar va qozoqlar ming yillardan beri birgalikda yashab keladilar. Hozirda Qozog‘istonda 710 000 o‘zbek millatiga mansub kishilar istiqomat qilishadi. 136 ta maktabda (bundan 14 tasi to‘liq o‘zbek maktablari) o‘zbek tilida ta’lim beriladi. O‘zbekistonda esa 1 milliondan ortiq qozoqlar yashaydi. 398 ta maktabda qozoq tilida ta’lim beriladi.