Qozog‘iston elchisi: “Mamlakatimiz puxta tayyorlangan terror xurujiga nishon bo‘ldi”

Bugun, 11 yanvar Qozog‘istonning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Darxon Satibaldi mamlakatda so‘nggi kunlarda ro‘y bergan fojiali hodisalar yuzasidan brifing o‘tkazdi.

Elchi mamlakatdagi hodisalar xalqaro matbuotda bir tomonlama va yuzaki yoritilayotganini qayd etdi.

Diplomatga ko‘ra, joriy yil 2 yanvar kuni suyultirilgan gaz narxining 60 tengedan 120 tengega oshirilishi ortidan Mang‘istov viloyatida namoyishlar boshlangan. Namoyishchilar narxni avvalgi holga qaytarish va boshqa qator ijtimoiy-iqtisodiy talablarni ilgari surgan. Ommaviy chiqishlar boshqa shaharlarga ham yoyilgan. Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev fuqarolarni provokatsiyaga berilmaslikka chaqirgan. Muammolarni hal etish uchun davlat komissiyasi tuzilgan. 4 yanvar kuni gaz bahosi 50 tengega tushirilgan hamda ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlari, yoqilg‘i-moy hamda kommunal xizmatlar narxi nazoratga olingan.  5 yanvar kuni amaldagi hukumat iste’foga chiqarilgan.

“Mazkur chora-tadbirlar kelishmovchilikni muloqot yo‘li bilan hal etishga intilish hamda qat’iy siyosiy irodani namoyon etdi. Davlat rahbarining jamoat tartibini saqlash xususidagi takror-takror chaqiriqlariga qaramay, bir qator yirik shaharlardagi namoyishlar ayrim buzg‘unchi kuchlar tomonidan vaziyatni izdan chiqarish va zo‘ravonlikni avj oldirish maqsadida foydalanildi”, – deydi Qozog‘iston elchisi.

Pirovardida mamlakatda favqulodda holat e’lon qilindi. Ammo buzg‘unchi kuchlar ochiq qurolli harakatga o‘tdi, ma’muriy binolar, strategik ob’ektlar hamda tinch aholi vakillariga hujumlar uyushtirildi. Masalan, Olmaota shahri aeroporti egallab olindi.

Holat murakkab tus olgach, prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev Xavfsizlik kengashi raisi vazifasini ham bajarishga kirishdi hamda milliy xavfsizlikka tahdid solayotgan terrorchilik harakatlarini bartaraf etish haqida buyruq berdi.

Diplomatning ma’lum qilishicha, Olmaota shahri va mamlakatning qator hududlaridagi hodisalar Qozog‘iston  xorijda tayyorgarlikdan o‘tgan, faoliyati puxta muvofiqlashtirilgan terrorchi guruhlar tajovuziga nishon bo‘lganini ko‘rsatdi. Dastlabki ma’lumotlarga qaraganda, hujumlarni amalga oshirganlar orasida mutaassib guruhlar tarkibida “qaynoq nuqta”larda jang tajribasini orttirgan shaxslar mavjud.

Yuzaga kelgan vaziyat tufayli Qozog‘iston Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga (KXShT) yordam so‘rab murojaat qilishga majbur bo‘lgan.

Elchining ta’kidlashicha, tashkilot tomonidan yuborilgan tinchlikparvar qo‘shin strategik ob’ektlarni qo‘riqlash hamda mahalliy kuchlarga ko‘makda qatnashmoqda. Terrorchi guruhlarga qarshi jangovar harakatlar Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari hamda Qurolli kuchlari tomonidan amalga oshirilmoqda. KXShT tinchlikparvar qo‘shini Qozog‘istonda vaqtincha bo‘lib turibdi va vaziyat barqarorlashib, Qozog‘iston tomoni murojaat qilgan zahoti mamlakatni tark etadi.

Qayd etilishia, ayni paytda Qozog‘iston Respublikasi huquq-tartibot idoralari va Qurolli kuchlari ayrim xorij OAVda xato talqin etilayotganidek, tinch namoyishchilar emas, balki terrorchilarga qarshi kurashmoqda.

Afsuski, namoyishlarda ham huquq-tartibot idoralari, ham tinch aholi vakillari qurbon bo‘ldi. Notinchlik payti 16 nafar huquq idoralari xodimi halok bo‘lgan, 1300 nafari jarohatlangan. Qurbonlarning umumiy soni aniqlashtirilmoqda.

Qurbonlar ruhiga ehtirom ramzi sifatida 10 yanvar – Qozog‘istonda umumxalq motam kuni deb e’lon qilindi.

Elchining ta’kidlashicha, Qozog‘iston xalqi prezident Q.To‘qayevning tinch hayotni tiklash bo‘yicha qarorlarini yakdillik bilan qo‘llab-quvvatlayotir.

“Bugun Qozog‘istonda vaziyat barqarorlashdi. Mamlakat xavfsizligiga tahdidlar bartaraf etildi. Aksilterror amaliyoti doirasida jinoyatlarda qatnashgan shaxslarni aniqlash choralari ko‘rilmoqda. Yaqin fursatda huquq-tartibot idoralarining dastlabki surishtiruvlari yakunlangach, Qozog‘istonga qarshi terror xurujiga doir qo‘shimcha dalillar taqdim etiladi”, – dedi elchi Darxon Satibaldi.

Qozog‘iston diplomati mushkul vaziyatda qo‘llab-quvvatlagani uchun O‘zbekiston rahbariyatiga ham minnatdorlik bildirdi. Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston hududidagi fojiali voqealar va ularning natijasida ko‘plab harbiylar va aholi vakillari nobud bo‘lgani hamda og‘ir jarohatlar olgani, ko‘rilgan katta talafotlar munosabati bilan mazkur mamlakat rahbari Qosim-Jo‘mart To‘qayevga va qardosh xalqqa ta’ziya maktubi yo‘lladi. Davlat rahbarlari notinch kunlarda ikki marta telefon orqali muloqot qildi.

C.Calim