9 noyabr kuni O‘zbekistonda olmon tilini o‘rganuvchi o‘quvchilar o‘rtasida ifodali o‘qish tanlovi bo‘lib o‘tdi. An’anaviy tanlov sakkizinchi bor Germaniyaning Toshkentdagi elchixonasi tomonidan tashkil etildi.
Elchixonaning Madaniyat va matbuot bo‘limi ma’lum qilishicha, ijodiy musobaqada Germaniyaning 20 nafar hamkor maktabi o‘quvchilari hamda O‘zbekistonning turli hududlaridan saralab olingan 10 nafar o‘quvchi ishtirok etdi.
Yosh bilimdonlar til bilish darajasi bo‘yicha uch guruhga taqsimlangan. Shu tariqa “A” guruhida Toshkent shahridagi 60-maktabning 9-sinf o‘quvchisi Aziza Karimova, “B” guruhida Termiz shahridagi 9-maktabning 9-sinf o‘quvchisi Behzod Mamatov, “S” guruhida Navoiy shahridagi 11-maktabning 9-sinf o‘quvchisi Dilnora Norqulova g‘olib chiqqan.
Qatnashchilarning olmoncha matnni tushunish va uni ifodali o‘qish bo‘yicha qobiliyati Gyote instituti, Xorijdagi maktablar bo‘yicha Germaniya markaziy boshqarmasi (ZfA) hamda Germaniya elchixonasi vakillaridan iborat hakamlar hay’ati tomonidan baholangan.
Olmon tili O‘zbekistonda ingliz va rus tillaridan keyin eng ko‘p o‘rganiladigan xorijiy til hisoblanadi. Bir necha yil avval ushbu tilni mamlakat bo‘yicha 600 mingga yaqin yoshlar o‘rgangan. Ammo keyingi yillarda mazkur ko‘rsatkich birmuncha kamaydi. Germaniyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Naytxart Hyofer-Vissing 2015 yil 30 yanvar kuni jurnalistlar bilan uchrashuvda ushbu masalaga ham e’tibor qaratgan edi.
“O‘zbekiston olmon tilini o‘rganuvchilar soni bo‘yicha dunyo davlatlari o‘nligiga kiradi. Ammo, afsuski, oxirgi yillarda bu borada pastlash kuzatildi. Ko‘plab maktab va litseylarda olmon tili darslari o‘tilmayotgani sababli ayni paytda mazkur ko‘rsatkich taxminan 400 mingtani tashkil etadi”, – degan edi Germaniya elchisi.
Naytxart Hyofer-Vissing O‘zbekistonda olmon tili ta’limi yuksak darajada bo‘lgani holda, olmon tili o‘qitiladigan oliy o‘quv yurtlarida o‘rinlar so‘nggi ikki yilda kamayganini afsus ila qayd etgan edi.
“Ilmiy salohiyat hamda iqtisodiy taraqqiyotni ta’min etishda bir necha xorijiy til suv bilan havodek zarur ekanini unutmaslik lozim”, – degan edi olmon diplomati o‘shanda.
Germaniya va O‘zbekiston ta’lim, shu jumladan, olmon tilini o‘qitish bo‘yicha hamkorlik qilib kelmoqda. Germaniya Tashqi ishlar vazirligining “Maktablar: kelajak hamkorlari” tashabbusi doirasida Xorijdagi maktablar bo‘yicha markaziy boshqarma olmon tilini chuqurlashtirgan holda o‘qitish bo‘yicha 7 ta maktab va litseyga ko‘mak beradi. Shuningdek, Gyote instituti va 13 ta maktab-litsey o‘rtasida hamkorlik o‘rnatilgan.
Maktablararo almashuv dasturlari ham mavjud. Bu borada Bonn va Buxoro, Gissen va Urganch o‘rtasidagi o‘quvchilar almashuv dasturlarini alohida ta’kidlash joiz. Bundan tashqari, O‘zbekiston milliy universiteti hamda Myunster universiteti germanistika bo‘yicha hamkorlik qilib kelmoqda.
Qolaversa, Gyote instituti o‘zbekistonlik o‘qituvchilar malakasini oshirishi hamda o‘quvchilar olmon tili bo‘yicha bilimini chuqurlashtirish uchun har yili 50 dan oshiq stipendiya taqdim etadi. Germaniya pedagogik almashuvlar xizmati ham olmon tili muallimlari uchun malaka oshirish kurslari uyushtiradi.
Sobir Salim