Bir necha yildirki turli xorijiy davlatlarning Ramazon oyida mazkur muqaddas oy bilan bog‘liq diniy marosim va ibodatlarnini o‘tkazib berishda amaliy ko‘mak sifatida yurtimiz qorilarini so‘rab murojaat etishlari yaxshi an’anaga aylandi.
O‘tgan yillar davomida Amerika Qo‘shma Shtatlari, Rossiya Federatsiyasi hamda Ukraina davlatlari so‘roviga binoan qorilarimiz mazkur davlatlarda bo‘lib, xatmi Qur’on va Ramazon oyidagi diniy marosimlarni o‘tkazishda yordam ko‘rsatib qaytdilar, deya xabar beradi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita sayti.
Bu yilgi Ramazon oyida o‘zbekistonlik Farrux qori Xudoyberdiyev AQShning Nyu-Jersi shtati, Dover shahridagi vatandoshlarimiz bilan ro‘zaning besh kuni mobaynida mazkur ulug‘ oyning fazilatlari, ota-onaga mehr va ularga yaxshilik qilish, halollik, Vatan tuyg‘usi, ilm olish, silai-rahm kabi mavzularda suhbatlar o‘tkazib, taroveh namozlarida Qur’oni karimni xatm qilmoqda.
Shu kunlarda yana bir Qur’on xofizi Mirodil qori Haydarov ham Rossiya Federatsiyasining Saratov viloyatidagi turli millat vakillaridan iborat musulmon qardoshlarimizga o‘z ibodatlarini amalga oshirishda yordam berib kelmoqda.
Qorilarimiz tomonidan amalga oshirilayotgan tahsinga sazovor mazkur savobli ishlardan ilhomlangan Amerikadagi Turkistonliklar jamiyati raisi Abdulla Xo‘ja va Rossiya Federatsiyasining Saratov viloyati Bosh muftiysi Muqaddas hazrat Bibarsovlar dunyoga Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Alisher Navoiy va boshqa juda ko‘plab mutafakkir olimlarni bergan ushbu muborak yurt avlodlari hali-hanuz ilm-ma’rifat, din-diyonat ziyosini tarqatayotganliklarini alohida mamnuniyat bilan ta’kidlamoqdalar.