Ozarboyjon YuNESKOning qurolli to‘qnashuvlar vaqtida madaniy boyliklarni muhofaza qilish bo‘yicha qo‘mitasi a’zoligiga saylandi. Bu haqda Ozarboyjon davlat axborot agentligi xabar beradi.
Joriy yil 9 dekabr kuni Parij shahrida – YuNESKO bosh qarorgohida 1954 yilda qabul qilingan Gaaga konventsiyasi ikkinchi protokoliga a’zo davlatlar majlisi bo‘lib o‘tgan. Ushbu tadbirda YuNESKOning qurolli to‘qnashuvlar vaqtida madaniy boyliklarni muhofaza qilish bo‘yicha qo‘mitasi a’zolari ham saylangan.
Ozarboyjon 8 davlat qatorida qo‘mita a’zoligiga o‘z nomzodini qo‘ygan va 60 davlatdan 45 tasining ovozini olib kelgusi to‘rt yilga qo‘mita a’zoligiga saylangan.
12 nafar a’zo davlatdan iborat qo‘mita 1954 yilda qabul qilingan qurolli to‘qnashuvlar vaqtida madaniy boyliklarni muhofaza qilish bo‘yicha Gaaga konventsiyasi talablari ijro etilishini nazorat qiladi.
Ozarboyjon YuNESKOning boshqa loyihalari qatori qurolli to‘qnashuvlar vaqtida madaniy boyliklarni muhofaza etishda ham faol ishtirok etib kelmoqda. Mamlakat 2012 yilning 20 dekabrida ushbu nufuzli qo‘mita vitse-prezidentligiga saylangani ham buni tasdiqlaydi.
Rasmiy Boku – madaniy boyliklarni asrab-avaylash borasida xalqaro tashabbuslar muallifidir. Masalan, 2007 yil 9 oktyabrda Ozarboyjon BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga “Qurolli to‘qnashuvlar vaqtida madaniy huquq hamda madaniy boyliklarni muhofaza etish” rezolyutsiyasini taqdim etgan bo‘lib, ushbu muhim hujjat Kengash a’zolari tomonidan qabul qilingan.
Asrlar mobaynida davom etgan urushlar, jangu jadallar insoniyat tafakkuri mevalari – san’at asarlari, osori atiqalar va madaniy boyliklarga katta talafot yetkazgan. Xususan, Ikkinchi jahon urushidan keyin xalqaro hamjamiyat madaniy boyliklarni muhofaza etish borasida bosh qotira boshlagan. Shu tariqa 1954 yilda qurolli to‘qnashuvlar vaqtida madaniy boyliklarni muhofaza etish bo‘yicha Gaaga konventsiyasi qabul qilingan. Bunga muvofiq, har bir davlat madaniy boyliklarni qurolli hujumlardan muhofaza etishga mas’uldir.
Dunyoning turli mintaqalarida qurolli ziddiyatlar davom etayotgan bir pallada madaniy ob’ekt hamda boyliklarni muhofaza qilish masalasi yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Sobir Salim