Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev 2015 yili mamlakat va dunyoda ro‘y bergan eng muhim hodisalarga munosabat bildirdi.
“24KZ” va “Kazaxstan” telekanali jurnalistlari savollariga javob bergan Qozog‘iston rahbari prezidentlik saylovi, besh yo‘nalishdagi islohotlar hamda “100 aniq qadam” dasturi amalga tatbiq etila boshlagani, Qozoq xonligining 550 yilligi, Konstitutsiya va Qozog‘iston xalq assambleyasining 20 yilligini o‘tayotgan yilning asosiy sanalari deb atagan.
Qozog‘iston Prezidenti 2015 yil jahon moliyaviy inqirozi sababli murakkab kechganini ta’kidlagan.
“Mustaqillik yillarida Qozog‘iston bir necha inqirozni boshdan kechirdi. Biz voqealar tadrijini bilardik, ammo barchasi bu taxlit murakkab kechishini tasavvur etmagandik. Dollar narxi yarim yil ichida 115 dan 40 dollargacha pasaydi. Biz eksport qiladigan gaz va boshqa tovarlar arzonlashishi sababli byudjet tushumlari kamaydi. Bularning barini hisobga olib, kelgusida amalga oshirish kerak bo‘lgan chora-tadbirlarni belgilab oldik”, – degan Nursulton Nazarboyev.
Qozog‘iston yetakchisi umuman mamlakatdagi holatni barqaror deb atagan.
“Qiyinchiliklar bo‘ladi. Lekin biz fuqarolarimizning ijtimoiy holati yomonlashmasligi uchun barcha choralarni ko‘ramiz. Kelgusi yil 1 yanvardan byudjet tashkilotlari, jumladan, davlat xizmatchilari oylik maoshlari, shuningdek, asosiy pensiya va stipendiyalarni oshirish to‘g‘risida farmon qabul qildim. Bularning bari odamlarni inqiroz oqibatlaridan asrash maqsadida amalga oshirilmoqda”, – degan N.Nazarboyev.
Davlat rahbari islohotlar borasida parlament izchil faoliyat yuritayotgani, xususan, deputatlar tub o‘zgarishlarga xizmat qiluvchi 80 ga yaqin qonun qabul qilganini aytgan.
Joriy yilda Qozog‘iston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida sheriklik va hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolangani hamda mamlakatning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lgani ham muhim hodisalar sifatida qayd etilgan.
2014 yil 29 may kuni Ostonada Rossiya, Belarus va Qozog‘iston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi to‘g‘risidagi bitimni imzolagan edi. Mazkur bitim joriy yil 1 yanvardan kuchga kirdi. Qozog‘iston yetakchisi o‘z intervyusida Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi doirasida yagona valyuta joriy etish ehtimolini rad etgan. Shuningdek, mamlakatda dollardan istifoda etishni taqiqlovchi choralar ko‘zda tutilmaganini ham ma’lum qilgan.
N.Nazarboyev jamoatchilikni qiziqtirgan yana bir masala – hukumatdagi kadr o‘zgarishlari masalasiga ham to‘xtalgan.
“Katta tajribamdan kelib chiqib aytamanki, vorisiylik hamisha zarur. Bugungi hukumatimiz yosh va faol harakatda. Vazirlarning aksari 1970-yillarda tug‘ilgan. Bu jarayon yana davom etadi… Aslida, yosh va keksa kabi sifatlar shartlidir. Eng muhimi – insonning salohiyati, maktab ko‘rgani, tajriba va bilim egasi ekani. Ayni paytda “Davlat xizmati to‘g‘risida”gi yangi qonunga muvofiq ushbu holatlar tartibga solinmoqda. Shu bois kun tartibiga hukumat tarkibini to‘la yangilash masalasi qo‘yilmagan” , – degan Qozog‘iston rahbari.
N.Nazarboyev so‘nggi paytlarda Rossiya va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlar taranglashganiga ham munosabat bildirgan.
“Rossiya bilan ham, Turkiya bilan ham juda yaxshi munosabatdamiz. Men avval-boshdan ikki mamlakat pozitsiyalarini yaqinlashtirishga harakat qildim. Axir, yuzaga kelgan vaziyat hech kimga foyda keltirmaydi. Pirovardida sog‘lom aql g‘olib kelar ekan, tomonlar albatta murosaga boradi”, – degan Qozog‘iston Prezidenti.
Suhbat chog‘i mamlakat hayotiga doir boshqa masalalar ham muhokama etilgan.
Sobir Salim
Shu mavzudagi maqola:
Boribay Jeksembin: “Qozog‘iston va O‘zbekiston dolzarb xalqaro masalalarda hamfikr”. 14.11.2015