AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) O‘zbekiston xalqiga sil kasalligini tekshiruvchi 30 ta uskuna sovg‘a qildi. Bu haqda AQSh elchixonasi matbuot xizmati xabar berdi.
16 dekabr kuni Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida bo‘lib o‘tgan tantanali marosimda USAIDning O‘zbekistondagi missiyasi direktori Mikayela Meredit qiymati 381 ming dollarli uskunalarni Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Ulug‘bek Sobirovga tantanali ravishda topshirdi.
“Bugungi tadbir – USAID va O‘zbekiston o‘rtasidagi mintaqada sog‘liqni saqlash xizmatlarini yaxshilash bo‘yicha davomiy hamkorlikning timsolidir. Biz O‘zbekiston hukumati tuberkulyoz kasalligini 2050 yilgacha yo‘q qilish majburiyatini o‘z zimmasiga olganini olqishlaymiz, bu qadam hukumatning 2021-2026 yillarga mo‘ljallangan tuberkulyoz kasalligiga qarshi yangi Milliy ctrategiyasida ko‘rsatilgan bo‘lib, 2025 yilgacha tuberkulyoz bilan kasallanish darajasini 50 foizga va kasallik tufayli o‘lim sonini 75 foizga kamaytirishdir. Birgalikda biz O‘zbekiston fuqarolarining salomatligi va farovonligini oshirishga erishamiz”, – dedi Mikayela Meredit tadbirdagi nutqida.
Qayd etilishicha, Sog‘liqni saqlash vazirligi, USAID va xalqaro hamkorlarning birgalikdagi sa’y-harakatlari tufayli O‘zbekistonda sil kasalligi va ular bilan bog‘liq o‘lim holatlarini kamaytirish borasida katta yutuqlarga erishildi. Biroq ko‘p dori-darmonlarga turg‘un sil shakllari mamlakatda muhim muammo bo‘lib qolmoqda. USAID O‘zbekiston va Markaziy Osiyoda sil kasalligi yukini kamaytirish uchun dori-darmonlarga turg‘un xastalik shakllarini aniqlash va davolashni yaxshilash bo‘yicha mahalliy va mintaqaviy salohiyatni oshirishga bel bog‘lagan.
USAID tomonidan taqdim etilgan GeneXpert uskunasi innovatsion texnologiyasi, molekulyar testlarni misli ko‘rilmagan tezlik va foydalanishda yengilligi bilan hamma uchun qulay sanaladi. Muqobili mavjud bo‘lmagan, foydalanish uchun qulay uskunalar birlamchi tibbiyot tizimi ishini sezilarli darajada osonlashtiradi va shu bilan birga soha mutaxassislariga silning molekulyar-genetik diagnostikasini tez sur’atda va aniqlik bilan o‘tkazishga imkon beradi. GeneXpert diagnostika usulida xastalikni davolashda ko‘p ishlatiladigan antibiotiklarda biri – rifampitsinga tuberkulyoz mikobakteriyasining turg‘unligi aniqlanadi. Bu shifokorlarga ma’lum bemorni davolash uchun haqiqatan ham samarali dori vositasini tanlash imkonini beradi.
Bugungi hadya chekka-chekkalarda joylashgan tuman laboratoriyalariga tuberkulyozga chalingan bemorlar bilan ishlash bo‘yicha xizmatlarini oshirish va aholining kasallikka qarshi zamonaviy, tezkor molekulyar testlardan foydalanish imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytirish imkonini beradi. Tuman laboratoriyalarda ushbu yangi GeneXpert apparatlari bilan jihozlash orqali tuberkulyozni tezroq aniqlash imkoniyatiga yul ochib beradi.
25 yildan ortiq vaqt davomida USAID tuberkulyozga qarshi kurashda O‘zbekiston hukumatining faxrli hamkori bo‘lib kelmoqda.
Eslatib o‘tamiz, AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi 2019 yil iyul oyida ham O‘zbekiston tibbiyot muassasalariga silga qarshi kurash dasturi doirasida 730 ming dollarlik yangi laboratoriya dastgohlari va video uskunalar taqdim etgan edi.
Joriy yil mart oyida esa AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi missiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Alan Meltser AQSh silga qarshi kurashda O‘zbekiston hukumati bilan doimiy hamkorlik qilib kelayotgani, ko‘p yillik sheriklikdagi sa’y-harakatlar natijasida sil kasalligi ta’sirini yumshatish va o‘zbekistonlik oilalarning farovonligini oshirishga muvaffaq bo‘lingani haqida gapirgan edi.
O‘zbekistonda JSST tavsiya yetgan cilga barham berish strategiyasi asosida tizimli ish olib borilmoqda. Mamlakat sog‘liqni saqlash vazirligi, AQSh hukumati va xalqaro hamkorlarning birgalikdagi sa’y-harakati tufayli yurtimizda silga qarshi kurashda ijobiy natijalarga erishildi. JSST e’tirofiga ko‘ra, O‘zbekiston silga qarshi olib borilayotgan tadbirlarning natijalari bo‘yicha Yevropa hududiga kiruvchi 53 mamlakat orasida 2-o‘rinda ko‘tarildi.