AQShning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Deniyel Rozenblyum xalqimizni Navro‘z bayrami bilan samimiy qutladi. Diplomat an’anaga ko‘ra qutlovni mezbon mamlakatga ehtirom ramzi sifatida o‘zbek tilida yo‘lladi.
“O‘zbekistonga bahor kelar ekan, ob-havo va tabiat yanada go‘zallashib ketadi. Bu esa bahor kelganini bayram qilish uchun juda qulay fursatdir”, – deydi D.Rozenblyum.
Diplomat o‘z tabrigida o‘tgan yili Navro‘zdan keyingi davr murakkab kechganini yodga olar ekan, har qanday holatda ham farovon kelajak barpo etish yo‘lidagi harakatlardan chekinmaslik kerakligini urg‘ulagan.
“Biz farzandlarimizga farovon kelajak barpo etish uchun ishlashda davom etishimiz shart. U mustahkam sog‘liq va tinch hayot kechiriladigan kelajak bo‘lmog‘i kerak. U xalqlar va millatlar bir-birini hurmat qiluvchi kelajak bo‘lishi lozim. U shunday bir kelajakki, unda kuchlilar har doim ham haq bo‘lavermaydi”, – deb ta’kidlaydi u.
AQSh elchisi Navro‘zni qanday nishonlashni rejalashtirayotganiga ham oydinlik kiritgan.
“Men bayramni nishonlash uchun park va boshqa jamoat joylariga ketayotgan odamlarni uchrataman. Ular mazali sumalak pishirishadi, o‘z do‘stlari va yaqinlari bilan turli bahoriy o‘yinlar o‘ynashadi. O‘zim tog‘lar bag‘riga chiqib, chiroyli bodom gullaridan zavqlanmoqchiman”, – deydi diplomat.
D.Rozenblyum O‘zbekiston xalqiga sihat-salomatlik, tinchlik va mo‘jizalarga boy bahor tilagan.
Eslatib o‘tamiz, Deniyel Rozenblyum AQShning O‘zbekistondagi elchisi sifatida 2019 yil 9 may kuni qasamyodga keltirilgan. U yurtimizdagi diplomatik faoliyatining ilk pallalaridanoq ona tilimizga hurmat ko‘rsatib, bayramlarda o‘zbek tilida qutlov yo‘llamoqda, ayrim tadbirlarda o‘zbek tilida nutq so‘zlamoqda. Avval xabar berganimizdek, AQSh elchisi 21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami kunida ham ona tilimizda tabrik yo‘llab, barchani bu tilni o‘rganishga da’vat etgan edi.