Malayziya elchisi Hendi Assan va TDShU rektori Gulchehra Rixsiyeva
20 aprel kuni Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida (TDShU) Malay tili notiqlik san’ati xalqaro tanlovining respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi. Malayziyaning mamlakatimizdagi elchixonasi bilan hamkorlikda tashkil qilingan tanlovda TDShU hamda O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida (O‘zDJTU) tahsil olayotgan 15 nafar bilimdon talaba g‘oliblik uchun bellashdi.
Tadbirda ishtirok etgan TDShU rektori Gulchehra Rixsiyeva Malayziya oliy ta’lim muassasalari bilan aloqalar izchil rivojlanayotganini qayd etdi.
Malayziyaning yurtimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Hendi Assan barcha talabalarga o‘z minnatdorligini bildirar ekan, musobaqada eng yaxshi natijani qayd etgan ikki talaba tanlovning shu yil Malayziyada bo‘lib o‘tadigan xalqaro bosqichida qatnashishini ma’lum qildi.
Musobaqa yakuniga ko‘ra, Rahbaroy Toshmatova – birinchi, Sarvinoz Akramova – ikkinchi, Gulzoda O‘tkurova – uchinchi, Ruxshona Salimboyeva – to‘rtinchi (barchasi TShDU vakillari) hamda Madina Normahmatova (O‘zDJTU) beshinchi o‘rinni oldi. G‘oliblar qimmatbaho sovrin va pul yutuqlari bilan taqdirlandi.
Malayziya elchisi tanlov g‘oliblari bilan
Oxirgi yillarda Malay tili notiqlik san’ati xalqaro tanlovining ahamiyati tobora oshib bormoqda. Bu esa talabalar o‘rtasida ijodiy raqobatning kuchayishi hamda malay tili bo‘yicha bilimdonlar safining kengayishiga xizmat qilmoqda.
Malayziya Sulton Idris pedagogika universiteti mutaxassislari talabalarning chiqishini onlayn rejimida kuzatib-baholab bordi.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, avstronez tillari oilasiga mansub malay lisoni dunyo bo‘yicha millionlab aholining ona tili sanaladi. U Malayziyaning rasmiy tilidir. Shuningdek, Indoneziya, Bruney, Singapur, Sharqiy Timor kabi o‘lkalarda malay tilida so‘zlashuvchilar salmoqli o‘ringa ega. O‘zbekistonda ham bu tilni o‘rganishga qiziqish tobora ortib bormoqda. TDShU hamda O‘zDJTUda malay tili chuqur o‘rgatiladi.
Oxirgi yillarda o‘zbekistonlik talabalar Malay tili notiqlik san’ati xalqaro tanlovida munosib ishtirok etib kelmoqda. Xususan, 2021 yili noyabr oyida Malayziya bosh vaziri kubogi uchun xalqaro tanlovda O‘zDJTU talabasi Nargiza Ortiqova birinchi o‘rinni egallagandi.
Umuman, keyingi yillarda ikki davlat o‘rtasida ta’lim jabhasida hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
2019 yil oktyabr oyida Toshkent moliya instituti bazasida Malayziya menejment va tadbirkorlik “Binary” universiteti bilan O‘zbekiston–Malayziya qo‘shma fakulteti ochilgan.
2020 yil iyun oyida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xorazm viloyati hokimligi va “Binary” menejment va tadbirkorlik universiteti o‘rtasida Urganchda universitetning xalqaro filialini tashkil etish to‘g‘risida uch tomonlama shartnoma imzolangan.
Malayziya islom ilmiy universiteti (Universiti Sains Islam Malaysia – USIM) esa mamlakatimizdagi ko‘plab ilmiy-akademik muassasalari bilan hamkorlik qilmoqda. Xususan, Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va USIM o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolangan. Bundan tashqari, USIM bilan Urganch davlat universiteti va Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti o‘rtasida tadqiqotlarni birgalikda o‘tkazish, mutaxassislar tayyorlash va ularning malakasini oshirish, talabalar almashuvi bo‘yicha hamkorlik bitimi imzolangan.
Eslatib o‘tamiz, Malayziya texnik hamkorlik dasturi (MTCP) doirasida tashkil etilayotgan qisqa muddatli o‘quv kurslarida ham mamlakatimiz vazirlik va tashkilotlari vakillari doimiy tarzda ishtirok etib kelmoqda. 2020 yil sentyabr oyiga qadar O‘zbekistondan 630dan ziyod vakil MTCP seminarlarida ta’lim olgan.
Avval xabar berganimizdek, 2021 yil 15 dekabr kuni TDShUda “Malayziya kuni” tadbiri tashkil etilgan va unda elchi Hendi Assan mehmon sifatida ishtirok etgan edi.