Qaysi shaklda bo‘lmasin 2009 yilda ishsizlik haqiqiy global muammoga aylandi.
Moliyaviy inqiroz tufayli ishidan ayrilgan odamlarga dubaylik biznesmen o‘zi rahbarlik qilayotgan mehmonxonada bepul tushlik tashkil etmoqda. Yanvar oyining oxiriga qadar davom etadigan aktsiyada barcha millat vakillari tushlik qilishi mumkin. Ammo qo‘ldan berganga qachongacha qush to‘yarkin?!
Ish topib ishlash – bozor iqtisodiyotining asosiy talablaridan biri. Zero, tirikchilik, ro‘zg‘orning butunligi ham ish bilan bog‘liq. Ammo hozirgi kunda ishga har qancha jiddiy qaragan taqdirda ham dunyoda kuzatilayotgan moliyaviy inqiroz ishsizlar sonini oshishiga olib kelmoqda. Bu asosan metallurgiya tarmog‘i, avtomobilsozlik sanoati, mashinasozlik, qurilish sohasiga ko‘proq ta’sir ko‘rsatdi. Butunjahon mehnat tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, sayyoramizda 2005 yilda ishsizlar soni 191 millionga yetgan bo‘lsa, 2006 yilda bu ko‘rsatkich qariyb 4 millionga oshgan. Joriy yilda ishdan ayrilganlar soni 210 milliondan oshishi kutilmoqda. Bunday yuqori ko‘rsatkich yaqin 10 yil ichida yuz bermagan edi.
Ishsizlikning majburiy va ixtiyoriy ko‘rinishlari mavjud. Birinchisida, ishchi belgilangan ish haqi evaziga ishlashni xohlaydiyu, ammo ish topolmaydi. Ikkinchi holat esa, deylik, kam oylik evaziga ishlashni istamaydigan kishilar bilan bog‘liq.
Mutaxassislar fikricha, 2009 yilda global moliyaviy inqiroz tufayli qariyb 20 million odam ishsiz qolishi mumkin. Shu orqali sayyoramizda ishsizlar soni 210 millionga yetadi. Kelgusi yilda esa ishdan mosuvo bo‘lganlar soni yana 25 millionga ko‘payishini bashorat qilingan. |
Ishsizlikdan eng ko‘p aziyat chekayotgan davlat – bu AQSh. Rasmiy Vashingtonning xavotirga tushishiga asoslar yetarli: mamlakatda qishloq xo‘jaligi sektorini hisobga olmaganda 2008 yilning noyabrida 533 ming odam ishsiz qolgan. Bu o‘tgan 34 yil ichidagi eng yuqori ko‘rsatkich. Mamlakatdagi eng yirik tashkilotlar General Motors, Microsoft va boshqa yirik kompaniyalar xarajatlarni kamaytirish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishmoqda. Ishchilardan voz kechish esa eng ommabop variant sanaladi.
Xalqaro sharhlovchilarning fikrlariga ko‘ra, sayyoramizda ishchilar sonining qisqartirilishi o‘tgan yilning noyabr, dekabr oylarida ancha kuchaygan bo‘lsada, joriy yilning 1-choragini ham dunyo ahli uchun quvonchli keladi, deyish qiyin. Bu borada kecha qasamyod qilgan AQShning yangi prezidenti Barak Obama iqtisodiyotni ko‘tarish va keyingi ikki yilda mamlakatda qariyb 3 millionga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratishni va’da bergan. O‘z xalqiga murojaat bilan chiqqan Barak Obama elektr energiyadan imkon boricha tejab foydalanishni, buning evaziga hukumat yuqori tezlikdagi Internetni yaratish va maktablarni modernizatsiya qilishni ma’lum qilgan. Obama janoblarining energetika borasida tashvishiga asoslar bor. Negaki, energiya ishlab chiqarish va iste’moli bo‘yicha dunyoda 1-o‘rinda turuvchi Amerika o‘tgan 2-3 yilda energiya quvvatidan misli ko‘rilmagan miqdorda foydalangani ma’lum bo‘lgan. Boz ustiga uzoqni ko‘ra biladigan amerikalik mutaxassislar kelgusi taraqqiyotda energetika yetakchi o‘rinni egallashini yaxshi bilishadi.
Aholi soni bo‘yicha dunyoda 3-o‘rinda turuvchi AQSh 2009 yilni nafaqat moliyaviy inqiroz, balki global muammoga aylanib bo‘lgan ishsizlik muammosi ilan kutib olishga majbur bo‘ldi. ¥ozir mamlakatda ishsizlar soni 5 milliondan oshib ketgan. Moliyaviy inqiroz tufayli AQShdagi kompaniyalarning 40 foizi kadrlarni qisqartirish siyosati olib borilishini ma’lum qilgan. Bu esa joriy yilda salkam 1 million odam yog‘liqqina ish joyidan ayriladi, deganidir.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiyada so‘nggi haftada ishsizlar soni 4 foizga o‘sib, 1,5 millionga yetgan. Kuzatuvchilar qisqarishlar yaqin vaqtlarda 2,1-2,2 foizga yetishi mumkinligini aytishgan. Rossiyaning «Sberbank»i mamlakatda birinchilardan bo‘lib ishdan ayrilgan yoki oylik maoshlari keskin tushib ketgan odamlarga zayomlar orqali yordam berishni ma’lum qilgan. Bank rahbari German Grefning aytishicha, mijoz hozirdan boshlab turli muddatlarga mo‘ljallangan kreditlarni olishi mumkin. «Agar ishchi korxonasidagi qisqartirishlar tufayli daromadini yo‘qotgan yoki oylik maoshi kamaygan bo‘lsa, bizning hududiy filiallarimiz yarim yildan bir yilgacha, ya’ni daromad tiklangunga qadar yordam beradi», deydi bank rahbari.
Ammo ekspertlarning fikricha, davlat banklarida «yomon» kreditlar muammosining o‘sishi ushbu yangi qoidaga bo‘lgan qiziqishni susaytirishiga olib kelishi mumkin. «Sberbank» Rossiyada aholiga kreditlar berish borasida peshqadam tashkilotlardan sanaladi. 2008 yil 1 dekabr holatiga ko‘ra, mazkur bank yuridik shaxslarga bergan kredit miqdori 1,2 trillion rublni tashkil etgan.
Rossiyadagi Mehnat va Iqtisodiy taraqqiyot vazirligi tomonidan ishsiz qolgan fuqarolar uchun zamonaviy qulaylik yaratib berildi. Endilikda har bir rossiyalik uyidan chiqmasdan Internet orqali ish topishi mumkin. ¥ukumat tomonidan joriy etilgan «Rossiyada ish» (www.rostrud.info) nomli Internet-saytda aholiga hukumat organlaridagi 1,3 millionlik bo‘sh ish o‘rilari taklif etilgan. Shuningdek, Rossiyada qonuniy ishdan bo‘shatilgan fuqarolar uchun moddiy yordam hajmi 1500 rublga oshirilib, umumiy hisobda 4900 rublni tashkil etdi.
Bugungi kunda dunyoda kuzatilayotgan har qanday pasayish Xitoyni ham chetlab o‘tmay qolmaydi. Chin moliyaviy inqirozga har qancha chap berishga harakat qilmasin mamlakatda ishsizlar soni o‘tgan 10 oyda 10 milliondan oshib ketgan. Mutaxassislar 2009 yilning 2-choragida mamlakatdagi vaziyat yaxshilanishini ma’lum qilgan.
Xitoyda ishsizlik tobora ortib borayotgan bo‘lsada, mamlakatdagi 10 yaqin eng yirik tashkilotlar yangi vakantsiya o‘rinlari ochilganini ma’lum qildi. Bu esa jahon hamjamiyatini e’tiborsiz qoldirayotgani yo‘q. Bunday qadam orqali Xitoy «bir o‘q bilan ikkita quyonni urmoqchi: birinchidan yuqori malakali moliyaviy mutaxassislarni o‘z yurtiga jalb etish, ikkinchidan, dunyoga Chin iqtisodiyoti hali ham beli bequvvat ekanligini ko‘rsatish.
Yaponiya hukumati tarixdagi eng yirik davlat byudjetini tasdiqlagan – 970 milliard dollar. Joriy yilgi xarajatlarning oshirilishiga sabab – bu iqtisodiyotni oyoqqa turg‘izish, nafaqa ta’minotini yaxshilash va eng muhimi, ishsizlikni bartaraf etishdan iborat. Kunchiqar yurtda o‘tgan yilda qariyb 500 ming odam ishsiz qolgan. 2009 yilning martiga qadar bu ko‘rsatkich qariyb 85 ming nafarni tashkil etishi kutilmoqda.
Buyuk Britaniyada esa hozir ishsizlar soni 2,5 milliondan oshgan. Rasmiylar mamlakatda 2009 yilda yana 600 ming kishi o‘z ish o‘rinlarini yo‘qotishi mumkinligi haqida ogohlantirishgan. Buning ustiga mamlakatda ijtimoiy to‘lovlar tizimini isloh etish loyihasi ko‘rib chiqilmoqda. Uning mualliflari bo‘lmish Britaniya Mehnat vazirligi xodimlari yordam puli evaziga yashab faol ish qidirmayotganlarga qarshi sanktsiya qo‘llash fikrini ilgari surmoqda. Ekspertlar esa bunday harakat jamiyatdagi bosimni kuchaytirib yuborishidan xavotirda. Negaki, bu kabi qarorlarning birinchi zarbasi immigrantlar hamjamiyati vakillariga tegadi va oqibatda Britaniya shaharlarida tartibsizliklar boshlanib ketishi mumkin.
Mehnat vaziri Jeyms Pernellaning aytishicha, ijtimoiy to‘lovlar tizimini isloh etish «davlatni aldashga urinayotganlar» hisobidan byudjet xarajatlarini iqtisod qilish imkonini yaratadi. Agar loyiha parlament tomonidan ma’qullansa, u holda 2010 yildayoq bo‘sh ish o‘rinlariga takliflarni rad etayotgan yoki ishga kirish uchun suhbatga borishdan bosh tortayotgan shaxslar ishsizlarga beriladigan yordam pulining katta qismidan mahrum qilina boshlaydi. Sanktsiya faqatgina og‘ir bemorlar, nogironlar va bolasi bir yoshga to‘lmagan ota-onalarga nisbatan qo‘llanmaydi. Qolgan barchaga esa Britaniya iqtisodini rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shish taklif etiladi. Ammo parlament Vazirlar mahkamasining ushbu tashabbusini qo‘llab-quvvatlashi dargumon. Negaki, o‘tgan yili muxolifat ham shunga o‘xshash taklif bilan chiqqan edi.
Agar Britaniyaning ayrim shaharlarida muhojirlar soni aholining 45-50 foizini tashkil etayotganini inobatga olsak, bunda ijtimoiy to‘lovlar tizimida islohot o‘tkazish mazkur shaharlarda jiddiy oqibatlarga sabab bo‘lishini taxmin qilish mumkin. Lekin nima bo‘lganda ham oldindan bir narsa deb bo‘lmaydi. Dangasalarga qarshi harakat qay darajada o‘rinli bo‘lishini bilish mushkul.
Ishsizlik butun dunyoni kezmoqda. Rivojlangan davlatlarning minglab fuqarolari yangi ish o‘rinlari qidirish bilan band. Bundan esa Internet saytlari yoki ayrim tashkilotlar qoshida ochilayotgan ishsizlarni ruhiy davolash markazlarining oshig‘i olcha bo‘lmoqda. «Bekorchidan Xudo bezor», deganlari rost ekan. Yoshu qari internetdan ish izlashmoqda, ular taklif etilgan har qanday ishni sinab ko‘rmoqda, boshqalar esa beminnat maslahatlarni eshitish uchun, bir ilinj istab turli markazlarda turnaqator bo‘lib o‘tirmoqda. Psixologlarning fikricha, ishsiz qolganlar eng avvalo uch kungacha «taym-aut» olish, ish paytlarida imkoniyat bo‘lmagan ishlar – yaqinlari, do‘stlari xolidan xabar olish, uy ishlari bilan jiddiyroq shug‘ullanish, yangi ish izlashda aniqlikka asoslanishni maslahat berishmoqda. Moliyaviy inqiroz sodir bo‘masdan oldin mutaxassislar ish topishda deyarli muammoga duch kelmas edi, ammo bugun vaziyat o‘zgargan. Nima bo‘lganda ham ish qidirishda temir qoidaga asoslaning: ish izlovchi vakantsiya emas, imkoniyat qidirishi kerak.
Behbud Botirov