Liberiya respublikasi 157 yil avval amerikalik ozod qullar tomonidan tashkil qilingan. Mamlakatda 1980 yilga qadar tinchlik hukm surib kelardi. Shu yili hukumat boshlig‘i Vilyam Tolbert oziq-ovqat narxining ko‘tarilishi ortidan boshlangan qo‘zg‘olon tufayli serjant Samuel Do tomonidan boshqaruvdan chetlatildi.
Yil yakunida esa hokimiyatga Charlz Teylor izdoshlaridan iborat Milliy vatanparvarlik fronti keldi. Ular Samuel Doni qatl etishdi. Mamlakatdagi noto‘g‘ri boshqaruv va chuqur iqtisodiy inqiroz tez orada fuqarolar urushini keltirib chiqardi. Uzoq davom etgan qonli urushlar davrida mamlakat aholisining yarmidan ko‘prog‘i o‘z uylarini tashlab ketishga majbur bo‘ldi…
1997 yilda Liberiya prezidenti etib saylangan Charlz Teylor mamlakatdagi zo‘ravonliklar, jangari guruhlar o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlarga nuqta qo‘ya olmadi. Inqiroz 2003 yilda yanada kuchaydi. Minglab fuqarolar jangari guruhlar zulmidan qo‘rqib poytaxt Monroviyaga yoppasiga qochib bordilar. Monroviya ko‘chalarida hukumat qo‘shinlari va isyonchi jangarilar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan otishmalar chog‘i yuzlab kishilar «daydi o‘q» qurboniga aylandi…
Urush davrida taxminan bir yarim million kishi uylaridan quvib chiqarildi. Ularning bir qismi qo‘shni mamlakatlarga qochib ketgan bo‘lsa, qolganlari urushayotgan guruhlar to‘qnashuvida bor molu mulki, uy-joyi, oilasi va shirin jonidan ayrilib qoldi.
14 yillik xo‘jasizlikdan keyin xalqaro hamjamiyat qurollangan holda mamlakatda barqarorlik o‘rnatishga kirishdi. Ko‘plar tomonidan bu Liberiya tinchligi yo‘lidagi so‘nggi imkoniyat, deb baholandi. 2003 yil Charlz Teylorni hokimiyatdan ketkazish uchun BMT harbiy qismlari mamlakatga kiritildi. Natijada tez orada urushayotgan kuchlar o‘rtasida tinchlik bitimi imzolandi. Turli guruhlar vakillaridan iborat Muvaqqat hukumat tuzildi. Yangi hukumat tarkibida hali hokimiyat boshqaruvida ishlamaganlar ham ko‘pchilikni tashkil etadi.
Muvaqqat hukumat raisining o‘rinbosari M. Jonson mamlakatni idora etish og‘ir kechayotganini aytadi. BMT Bosh kotibining Liberiyadagi maxsus vakili Jak Kleyn esa o‘tgan noxush voqealarni eslarkan, xalqaro hamjamiyat o‘ziga hisob berishi kerakligini ta’kidlaydi: «Xalqaro hamjamiyat 24 yil davomida Liberiyada sodir bo‘lgan qotillik, zo‘rlik va qo‘poruvchiliklar davrida sukut saqlab kelgani uchun o‘z-o‘zidan uyalishi kerak. Mamlakat iqtisodi butunlay vayron bo‘ldi. Men bu bilan mamlakatda elektr, aloqa tizimi va boshqa xizmatlar ishdan chiqqaniga ishora qilayapman. Hatto hozir ham poytaxt Monroviyada bir million odam toza ichimlik suvisiz yashayapti».
Liberiya — endigina nafas roslab olayotgan mamlakat. 2003 yilda jangari guruhlarni qurolsizlantirish maqsadida qilingan harakatlar zoya ketdi. Ular qurollarini tashlashni istashmadi. Hozirda dunyoning 49 davlatidan jami 14 ming nafar harbiy Liberiyadagi jangarilarni qurolsizlantirish uchun harakat qilmoqda. Ayni paytda vaziyatni to‘g‘ri baholagan ko‘plab fuqarolar o‘z xohishlari bilan qurollarni topshirmoqdalar. Har doim erta tongdan qurol qabul qilish punktlari odamlar bilan gavjum bo‘ladi.
Odamlar shunchalik ko‘pki, qanchasi qurolini topshiradi va yana qanchasi navbat kutib turadi — bilish qiyin. Ammo qurol topshirayotgan kishilarning aksariyati endi qanday pul topamiz, nima hisobiga yashaymiz, degan o‘y-xayollar bilan kelajakdan xavotirda ekanini ham bilish mumkin. Bu narsa ularning ikkilanib harakat qilishlaridan ko‘rinib turadi. Hozirgacha 20 000 ta turli xil qurol-yarog‘ va 5 000 000 ga yaqin avtomat hamda patronlar tegishli joyga topshirildi. Har bir jangchi kamida uchtadan qurol topshirayotganini hisobga olsak, hali juda qurollar xirmoni yanada balandlab ketishiga shubha qolmaydi.
Urushlar davomida jangchi kuchlarning katta qismini bolalar va qizlar tashkil qilgan. O‘zini «Mozis», deb atagan bola olti yoshidan boshlab jangari guruhlar bilan yashaydi va ularga xizmat qiladi. «Yoshing nechada?» — deb so‘raganimizda, u ingliz tilida «ten and one» (ya’ni 11) deb javob berdi (Tarj. — aslida 11 raqami ingliz tilida «eleven» deyiladi. Bu yerda bola ingliz tilini janglar davomida kattalardan uzuq-yuluq o‘zlashtirib olgani ko‘rinib turibdi).
BMT missiyasi qo‘mondoni Joy Mistri bolalarni jangda qo‘llash sabablariga shunday to‘xtaladi: “Ularni boshqarish oson. Ularni buyruq va majburlash yo‘li bilan xohlagan yo‘rig‘ingizga yurgiza olishingiz mumkin. Bu esa kattalarga qo‘l keladi va ular hayot lazzatini bilmaydigan murg‘ak go‘daklar qo‘liga qurol tutqazib, «dushmanlari»ga qarshi jangga tashlaydilar. Tabiiyki, bu bolalarning aksariyati birinchi zarbadayoq jon taslim qiladi…” Barcha balog‘at yoshidagi bolalar qurollarini topshirgach, keyingi 5 kunni maxsus lagerlarda o‘tkazishadi. U yerda bolalarga maslahat va tavsiyalar beriladi.
Kundalik hayotga qaytish nafaqat bolalar, kattalar uchun ham oson emas. Urushdan keyin ko‘p liberiyaliklar asosiy turar-joylaridan olisda, Monroviya kasalxonalari, eski mehmonxonalar va maktab binlaridan boshpana topganlar. 1,5 million kishi esa uy-joyidan ajralganlar uchun tashkil qilingan maxsus lagerlarda kun o‘tkazib keladi. Mamlakatda 24 ta rasmiy va yana 15 ta norasmiy shunday lagerlar xizmat qilib turibdi. Lagerlarda kechasi xavotir ko‘tariladi. Chunki jangari guruhlar hali ham lagerlarga vaqti-vaqti bilan hujum qilib qolishi mumkin. Odamlar uylariga qaytishga ham qo‘rqishadi. Xalq jangarilar to‘la qurolsizlantirilganiga ishonch hosil qilish ilinjida voqealarni diqqat bilan kuzatib turibdi.
Xalqaro Qizil xoch jamiyati vakili Milton Gertii Mozisga onasini topishda yordam berayapti. Ammo buni ro‘yobga chiqarish juda mushkul. Chunki bolakay qachon va qaerda tug‘ilganini bilmaydi. Umuman, yetarlicha ta’lim ko‘rmagani uchun Mozis kabi ko‘p bolalar ota-onalarining yashash manzilini, hatto qaysi shahardan kelib qolganlarini ham bilishmaydi.
Belgilangan 2 yillik muddat ichida hozirgi muvaqqat hukumat jangarilarni to‘la qurolsizlantirish, fuqarolarni o‘z uylariga qaytarish va erkin saylovlar o‘tkazib mamlakatni o‘z iziga solishni rejalashtirgan.
Liberiya — tabiiy resurslarga boy mamlakat. Hududida juda katta oltin, olmos konlari va kauchuk xomashyosi bor. Bugungacha Liberiyada 59000 jangari qurolsizlantirildi. Yana 50000 kishi qurolsizlanish arafasida turibdi. Hozirgi pallada, eng muhimi, mana shu odamlarni tinch hayotga o‘rgatish, ularni ish bilan ta’minlash va shu yo‘l bilan mamlakatni qayta tiklash zarur. Shunday qilinsa, tinchlik o‘rnatiladi. O‘shanda Mozis kabi bolakaylar o‘z kelajaklaridan xavotirga tushmasalar ham bo‘ladi.
Otabek OMONQULOV tarjimasi