Turkiya shimolida, Qora dengiz mintaqasida joylashgan Kastamonu nafaqat mamlakat, balki mintaqaning qadimiy shaharlaridan biri sanaladi. E’tiborga molik jihati, ushbu shahar bir muddat Amir Temur davlati tarkibida bo‘lgan.
Turkiya madaniyat va turizm vazirligi tashkil etgan press-tur doirasida bir guruh jurnalistlar Kastamonuga tashrif buyurib, uning diqqat sazovor maskanlari bilan tanishdilar.
Solnomalarga ko‘ra, shaharga miloddan avvalgi XVIII asrda asos solingan. G‘oyat qulay iqlim ega, strategik muhim nuqtada joylashgan qadimiy kentga asrlar mobaynida katta saltanatlar, jahongirlar ko‘z tikkan.
Miloddan avvalgi asrlarda shahar Xett, Frigiya, Lidiya, Fors, Aleksandr Makedonskiy davlatlariga qaragan. I-IV asrlarda esa antik dunyo muarrixlari tarannum qilgan Paflagoniya muzofoti tarkibida, Rim imperiyasi nazoratida bo‘lgan. Bu davrda shahar Timonion deb atalgan. Keyingi yuzyilliklarda shahar Vizantiya davlati qalamravida bo‘lgan.
O‘rta asrlarda Kastamonu bir muddat Saljuqiylar qo‘liga o‘tgan, shuningdek, Jondoro‘g‘ullari, Chobano‘g‘ullari bekliklarining poytaxti vazifasini bajargan. XV asr boshida Kastamonuda hukmronlik qilgan Isfandiyorbey Sohibqiron Amir Temurga tobelik e’lon qiladi va bu hududda Temur davlati tangalari amal qiladi.
1461 yilda Usmoniylar davlati qalamraviga o‘tgan shahar tarixida yangi sahifa ochilgan. Xususan, mashhur hukmdor Sulton Sulaymon Kastamonuni muzofot markaziga aylantirgan. O‘rta asrlarda hududdagi mis va temir konlaridan qazib olingan xomashyo asosida ishlab chiqarilgan mahsulotlar Yevropaga sotilgan.
Kastamonu etimologiyasi borasida bir necha taxmin bor. Shahar Xett davlati davrida Kastama deb atalgan, keyinroq bu istiloh Kastamonuga aylangan. Boshqa bir taxminga ko‘ra, ushbu nom Kastra (lotin tilida qal’a degani) va Komnin (Vizantiya davlatidagi aslzoda sulola) so‘zlaridan hosil bo‘lgan.
Kastamonu Usmoniylar davlatining ma’naviy markazlaridan sanalgan. O‘rta asrlarda Onado‘lining ko‘zga ko‘ringan olim va mutasavviflari mazkur shaharni makon tutganlar. Tasavvuf va ilmu ma’rifatni yoyishda asli movarounnahrlik Said Ali Donishmand Buxoriy, Solih al-Munjiy Buxoriy kabi allomalarning ham xizmati katta edi.
XIV asrda Kastamonuga tashrif buyurgan mashhur sayyoh Ibn Battuta (1304-1377) unga “katta va ma’mur shahar” deya ta’rif bergan.
XX asr birinchi choragida Turkiyaning milliy ozodlik urushida ham shahar muhim rol o‘ynagan. Istiqlol harakati o‘chog‘i sanalgan Anqaraga qurol-yarog‘, o‘q-dori va boshqa zarur buyumlar aynan Kastamonu orqali yuborilgan.
Shaharda shayx Shabon Vali maqbarasi, Nasrulla masjidi kabi turk-islom tamadduni obidalari talaygina. Birorta ham mix ishlatmay qurilgan Mahmudbey masjidi qimmatli me’morchilik durdonalari sirasiga kiradi.
Kastamonu Turkiya ilm-fan va ta’lim markazlaridan biridir. Bir asrdan oshiq vaqt davomida faoliyat yuritib kelayotgan Abdurahmon Pasha litseyi Onado‘lida tashkil etilgan birinchi zamonaviy o‘rta maktab hisoblanadi.
Kastamonuning bir qator maktablari Turkiyadagi peshqadam ta’lim maskanlari safida e’tirof etilgan.
Ko‘hna shahar 2018 yilda Turk dunyosi madaniy poytaxti deb e’lon qilingani ham bejiz emas.
S.Salim
Muallif olgan suratlar