Ozarbayjon ommaviy axborot vositalarida mamlakat prezidenti Ilhom Aliyevning O‘zbekistonga tashrifi davomida qilgan qisqa chiqishi aks etgan videolavha tarqaldi. Unda I.Aliyev ikki qardosh xalq bir-birini anglashi uchun tarjimonga aslo hojat yo‘qligini ta’kidlaydi.
“Qardoshim Shavkat Miromonovichning so‘zlarini tushunish uchun tarjimonga hojat bo‘lmadi… Bularning bari xalqlarimiz naqadar bir-biriga yaqin, madaniyatimiz, nafis san’atimiz, umuman, xalqlarimizning ildizi mushtarak ekanini ko‘rsatadi”, – dedi Ozarbayjon prezidenti.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil 21-22 iyun kunlari Ozarbayjon yetakchisi Ilhom Aliyev O‘zbekistonda davlat tashrifi bilan bo‘ldi. Tashrif davomida prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev O‘zbekiston Respublikasi bilan Ozarbayjon Respublikasi o‘rtasidagi strategik sheriklikni chuqurlashtirish va har tomonlama hamkorlikni kengaytirish to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzoladilar. Shuningdek, davlat rahbarlari huzurida ikki mamlakat hukumatlari, vazirlik va idoralari o‘rtasida 18 ta hujjat tasdiqlandi. Hududlararo hamkorlik, sanoat, xalqaro avtomobil qatnovi, noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish, o‘simliklar karantini va himoyasi sohalaridagi hamkorlik, harbiy va harbiy-texnikaviy hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlar hamda turizm sohasidagi hamkorlik dasturi shular jumlasidan. Ushbu hujjatlar ikki qardosh o‘lka o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.