Joriy yil 3-4 iyun kunlari Bokuda dunyo ozarbayjonlarining IV mashvarati bo‘lib o‘tdi. Ozarbayjon davlat axborot agentligi xabariga ko‘ra, anjumanda prezident Ilhom Aliyev qatnashib ma’ruza so‘zladi.
I.Aliyev dunyoning turli mamlakatlarida istiqomat qilayotgan ozarbayjon millatiga mansub insonlar tarixiy vatanidan uzilmasligi lozimligini ta’kidladi.
“Xorijda yashayotgan ozarbayjonliklarning hayoti, taqdiri va ishlari mudom e’tiborimizda. Ularga ko‘mak ko‘rsatishga intilamiz. Ular o‘z mamlakatida osoyishta hayot kechirishi, munosib lavozimlarda faoliyat yuritishi, keng imkoniyatlarga ega bo‘lishi, ayni choqda o‘z vataniga xizmat qilishini istaymiz”, – dedi Ozarbayjon yetakchisi.
Prezident I.Aliyev dunyo mamlakatlaridagi ozarbayjon diasporasining boshini qovushtirish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlarga ham to‘xtaldi.
“2001 yil ozarbayjon diasporasi tashkilotlarini shakllantirishda muhim yil bo‘ldi. Negaki, 2002 yili – birinchi mashvaratdan keyin Haydar Aliyevning farmoni bilan Xorijda yashayotgan ozarbayjonliklar ishi bo‘yicha davlat qo‘mitasi ta’sis etildi. Ayni paytda u Diasporalar bilan ishlash bo‘yicha davlat qo‘mitasi deb nomlanadi… O‘sha vaqtda dunyoda 200 dan ziyod diasporalar tashkiloti faoliyat yuritgan bo‘lsa, bugun ularning soni 462 taga yetdi. Ozarbayjon diaspora tashkilotlari ham sifat, ham son jihatidan takomil yo‘lini bosib o‘tdi. Ayni paytda ozarbayjonlar va ular mansub tashkilotlar dunyo miqyosida muhim rol o‘ynamoqda”, – deya qayd etdi I.Aliyev.
Ta’kidlanishicha, Ozarbayjon milliy yetakchisi Haydar Aliyev Sovet Ittifoqi davridayoq boshqa mamlakatlarda yashagan ozarbayjonlarga katta e’tibor bergan. Uning tashabbusi bilan ozarbayjon yoshlari Rossiya va boshqa ittifoqchi davlatlar oliy o‘quv yurtlariga imtihonsiz qabul qilingan. 1991 yili uning taklifi bilan 31 dekabr sanasi Dunyo ozarbayjonlari birdamligi va birligi kuni deb e’lon qilingan. Dunyo ozarbayjonlarining 2001 yilgi birinchi mashvarati ham H.Aliyev tomonidan o‘tkazilgan.
Ayni paytda dunyo bo‘ylab ozarbayjon millatiga mansub millionlab insonlar istiqomat qilmoqda. I.Aliyev ularni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha chora-tadbirlar davom ettirilishini ta’kidladi.
“O‘sib kelayotgan yosh avlodning ildizi Ozarbayjondan uzilmasin. Avvalo, ular ozarbayjon tilini puxta bilsin. Ayni paytda dunyo bo‘ylab 160 dan oshiq yakshanbalik maktablar faoliyat yuritayotganidan xursandman. Bizningcha, bunday maktablar sonini oshirish lozim. Ozarbayjon davlati ushbu yo‘nalishda sa’y-harakatlarni davom ettiradi”, – dedi prezident I.Aliyev.
Mamlakat rahbari dunyodagi ozarbayjon milliy tashkilotlari faoliyatini yanada jonlantirish, birlikni mustahkamlash lozimligiga urg‘u berdi.
Anjuman qatnashchilari prezident Ilhom Aliyevga murojaat ham yo‘lladi. Murojaatda Ozarbayjonning xalqaro maydondagi nufuzi oshib borayotgani, bu esa o‘zaro jipslikni yanada mustahkamlash omili ekani ta’kidlanadi.
Dunyo ozarbayjonlarining IV mashvaratida 49 mamlakatdan vakillar qatnashdi. Bunga qadar dunyo ozarbayjonlarining mashvaratlari 2001, 2006 va 2011 yillarda o‘tkazilgan.
Sobir Salim