Turkiya Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Sohil xavfsizlik qo‘mondonligi so‘nggi 10 kun davomida dengizda og‘ir ahvolda qolgan 500 ga yaqin noqonuniy muhojirni qutqardi. Xalqaro inson huquqlari tashkilotlari urush va beqarorlik o‘choqlaridan baxt izlab yo‘lga chiqqan migrantlarning taqdiri xususida bong urib kelmoqda.
AA agentligi xabariga ko‘ra, hayoti saqlab qolingan 500 ga yaqin muhojirlar Gretsiya kuchlari tomonidan Turkiya suv hududlariga siqib chiqarilgan. OAV muhojirlarni qabul qilmaslik bilan bog‘liq bu kabi holatlar haqida bot-bot xabar bermoqda.
Sohil xavfsizlik qo‘mondonligi ma’lumotiga ko‘ra, birgina 1 iyul kuni Chanoqqal’a qirg‘oqlarida 84 nafar, Izmirda 11 nafar noqonuniy muhojirlar hayoti saqlab qolingan. Omonat rezina qayiqlarda ketayotgan muhojirlar asosan Egey dengizida qutqarilgan.
Inson huquqlari tashkilotlariga ko‘ra, o‘z mamlakatlaridagi urush va ixtiloflardan qochib Yevropa sari dengiz orqali yo‘lga chiqqan ayrim muhojirlar qayiq ag‘darilishi tufayli halok bo‘lmoqda, yana ayrimlari noinsoniy munosabatga duch kelmoqda.
Xalqaro tashkilotlar noqonuniy migratsiya oqibatida muqarrar gumanitar fojia yuzaga kelishidan ogohlantirmoqda. Ta’kidlanishicha, siyosiy boshpana so‘rayotgan muhojirlar, ayollar va bolalar so‘rovini rad etish va ular hayotini xavfga qo‘yib yana dengizga qaytarish xalqaro huquq va insoniylik tamoyillariga ziddir.
Rasmiy Anqara o‘z suv hududlarida, xususan, Egey va O‘rta yer dengizida taqdir hukmiga havola etilgan muhojirlarga insonparvarlik yordami ko‘rsatishda davom etishini ma’lum qilgan.
Ma’lumotlarga qaraganda, joriy yil 1 yanvardan 31 maygacha yunon kuchlari tomonidan Turkiya hududiy suvlariga qaytarilgan 8678 noqonuniy muhojir quruqlikka chiqarilgan.