Gruziyadagi bugungi vaziyat uch yil oldingi rangli inqilob davrini yodga soladi. O‘shanda Mixail Saakashvili boshchiligidagi muxolifat mamlakat rahbari Eduard Sheverdnadzeni iste’focini talab qilib namoyishlar o‘tkazgan va o‘z maqsadiga erishgan edi. Bu gal ham gruzin muxolifati prezidentning iste’foga ketishini talab qilib norozilik aktsiyalari uyushtirdi va qisman ko‘zlagan niyatiga erishdi: rangli inqilob davrida hokimiyat tepasiga kelgan Mixail Saakashvili prezidentlik kursisini tark etdi.
Tarixning o‘ziga xos tarzda takrori deb baholanayotgan bu ikki holatda bir-biridan farqlanuvchi jihatlar ham yo‘q emas. To‘rt yil oldingi qo‘zg‘olonlar davrida gruzin muxolifati E. Sheverdnadze hokimiyatdan ketgudek bo‘lsa, uning o‘rnini egallaydigan aniq nomzodga ega edi. Biroq bu gal Tbilisi ko‘chalarini to‘ldirgan namoyishchilarni birlashtiradigan yagona yetakchi bo‘lmadi. Prezident Saakashvilini yakka hukmdorlik va siyosiy no‘noqlikda ayblagan muxolif partiyalar orasida hammani ta’sirchan nutqi bilan sehrlaydigan yetakchi yo‘q edi.
Boz ustiga, Mixail Saakashvili hokimiyatdan butkul ketgani ham yo‘q, u 2008 yilning 5 yanvarida muddatdan oldin o‘tadigan prezidentlik saylovida qatnashish uchun vakolatining qolgan ikki oyidan voz kechdi (Mamlakat qonunchiligiga ko‘ra, davlat rahbari bo‘lib turgan shaxs bir paytning o‘zida saylovda nomzod sifatida ishtirok eta olmaydi). Yanvarga qadar esa Gruziya parlamenti raisi Nino Burjanadze mamlakat prezidenti vazifasini bajarib turadigan bo‘ldi.
Hozirgacha yetti nafar nomzod kelgusi yil boshida o‘tadigan prezidentlik saylovida qatnashishini ma’lum qilgan. Bu raqam ovoz berish kuniga qadar yana oshishi mumkin.
Gruziya parlamenti deputati Levan Gachechiladze birinchi bo‘lib saylovda qatnashish istagini bildirgan. Asli mutaxassisligi bo‘yicha matematik bo‘lgan siyosatdon Gruziyani «dohiylar davlati»dan parlament respublikasiga aylantirmoqchi. Gachechiladze mamlakatda siyosatchidan ko‘ra ko‘proq biznesmen sifatida tanilgan. U gruzin vinosini chetga eksport qiladigan Georgia Wines & Spirits kompaniyasi asoschisi.
Georgiy Maisashvili bir paytlar Mixail Saakashviliga siyosiy maslahatchi sifatida ishlagan, imijmeykerlik qilgan. Endilikda o‘z siyosiy partiyasini tuzgan sobiq mansabdor prezidentlik uchun kurash olib boradi.
Saylovda ishtirok etishi mumkin bo‘lgan yana bir asosiy nomzod Badri Patarkatsishvili. Ishbilarmonlikda katta yutuqlarga erishgan bu inson Gruziyaning eng badavlat fuqarosi sanaladi. Uning boyligi 12 milliard AQSh dollaridan oshadi. Bir necha yillar muqaddam Rossiyada Boris Berezovskiy bilan hamkorlikda tijorat yuritgan, hozirda esa Londonda yashayotgan Patarkatsishvili Mixail Saakashvili hukumatini juda ko‘p bora tanqid qilgan, bu yo‘lda katta miqdorda pul sarflashga tayyorligini ham bildirgan.
Saylovda «Yangi o‘nglar» partiyasi rahbari David Gamkrelidze (asli shifokor, «Gruziya NATO tarkibida» nodavlat tashkiloti rahbari), leyboristlar rahbari Shalva Natelashvili (huquqshunos, Gruziya Konstitutsiyasi mualliflaridan biri) kabi siyosatdonlarning ham qatnashishi ehtimoldan xoli emas.
O‘tgan oydagi notinchliklar vaqtida Mixail Saakashvili Gruziyada favqulodda holat e’lon qilganidan xabaringiz bor. Mamlakat xavfsizligi degan sabab bilan joriy etilgan bu holat amalda vaziyatni chigallashtirdi, xolos. Qolaversa, favqulodda holat sharoitida televideniye va radiokanallar faoliyatining vaqtincha to‘xtalishi xalqaro hamjamiyatning ham noroziligiga sabab bo‘ldi. Mixail Saakashvili lavozimini tark etish arafasida favqulodda holatni bekor qilgan bo‘lsada, hali ham vaziyat izga tushib ketganicha yo‘q. Xususan, favqulodda holat bekor qilinganidan keyin ham muxolifatga qarashli «Imedi» va «Kavkasiya» telekanallarining ishlashiga izn berilmayotgani namoyishchilarni yana ko‘chalarga undayapti.
Ana shunday tang bir vaziyatda bosh vazir Zurab Nogaideli salomatligi vajidan o‘z ixtiyori bilan ishdan ketdi. Hukumat rahbari iste’fosidan keyin o‘z-o‘zidan vazirlar mahkamasi ham tarqatib yuborildi. To‘g‘ri, bir necha kun oldin Gruziya banki kuzatuvi kengashi raisi Vladimir Gurgenidze bosh vazir etib tayinlandi, yangi hukumat tarkibi ham tasdiqlandi. Lekin kuzatuvchilar shunchaki omma nigohi uchun amalga oshirilgan hukumat almashuvi amalda hech narsani o‘zgartirmaganini ta’kidlamoqdalar.
Gruziya rasmiylari hozir ham Rossiya bilan tarang diplomatik munosabatni saqlab qolishyapti. O‘tgan yili Gruziya huquq-tartibot idoralari Rossiya maxsus kuchlari tomonidan hozirlangan davlat to‘ntarishining oldi olingani to‘g‘risida bayonot bergan edi.
Ajablanarlisi, G‘arb tomon yaqinlashuv siyosatini e’lon qilgan Gruziyaning AQSh va Yevropa bilan munosabatlari ham ko‘ngildagidek emas. Mixail Saakashvili tomonidan muxolifat namoyishlarining bostirilishi, favqulodda holat joriy etilishi okeanortida xavotirli harakat deb e’tirof etilgan. Siyosiy inqiroz paytida ko‘rilgan keskin choralar tufayli Gruziyaning NATOga kirishi ham savol ostida qolgan. Oq uy vakili tomonidan «AQSh aniq shaxslarni emas, Gruziya demokratiyasini qo‘llaydi» tarzida berilgan bayonot ham Mixail Saakashvili o‘ziga bildirilgan ishonchni oqlay olmaganini tasdiqlayotgandek…
Sobirjon Yoqubov
«Hurriyat»dan olindi.